Insoniyat tarixida ilk bor keksalar bolalardan ko‘paydi
Dunyoda ilk bor 65 yosh va undan katta aholi soni besh yoshgacha bo‘lgan bolalar sonidan oshib ketdi. AQSh Aholini ro‘yxatga olish byurosi hisobotiga ko‘ra, bu demografik burilish tug‘ilish darajasining pasayishi va inson umrining uzayishi fonida yuz bergan.
2023 yilda dunyo aholisining 71 foizdan ortig‘i tug‘ilish darajasi aholini oddiy qayta tiklash ko‘rsatkichidan — bir ayolga taxminan 2,1 nafar farzanddan — past yoki shu darajada bo‘lgan mamlakatlarda yashagan. O‘n yil avval bunday davlatlar ulushi qariyb 45 foizni tashkil etgan.
Prognozlarga ko‘ra, 65 yoshdan katta aholi soni 2025 yildagi 852 million nafardan 2060 yilga kelib 2 milliardga yetadi. Shu davrda dunyo aholisi 8,13 milliarddan 10,23 milliardga o‘sadi, keksalarning umumiy aholidagi ulushi esa 10,5 foizdan 19,6 foizga ko‘tariladi.
Keksalar sonining eng katta o‘sishi Osiyoda kutilmoqda: 2025 yildagi 487 million nafardan 2060 yilga kelib 1,24 milliard nafargacha. Afrikada 65 yoshdan katta aholi soni to‘rt baravardan ko‘proq oshib, 60 milliondan 249 million nafarga yetishi mumkin.
Tug‘ilishning pasayishi boy mamlakatlar bilan cheklanib qolmayapti. Dunyodagi eng ko‘p aholiga ega Xitoy va Hindistonda ham tug‘ilish darajasi aholini qayta tiklash chegarasidan past. Bangladesh, Meksika va Vyetnam kabi yirik davlatlarda ham shu tendensiya kuzatilmoqda.
Mutaxassislar bu holat «tug‘ilish tuzog‘i»ni shakllantirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Yosh avlodlar sonining kamayishi mehnat resurslari qisqarishi, pensiya tizimi va sog‘liqni saqlash sohasiga tushadigan yukning ortishiga olib kelishi mumkin.
Shu bilan birga, aholining qarishi albatta inqiroz degani emas. Umr ko‘rish davomiyligining ortishi tibbiyot va jamiyat taraqqiyotining muhim natijalaridan biri bo‘lib, keksalarning mehnat bozorida qolishi, yaqinlariga yordam berishi va volontyorlik faoliyatida ishtirok etishi jamiyat uchun qo‘shimcha resurs bo‘lishi mumkin.
