Infratuzilma tarmoqlariga investisiya kiritish orqali iqtisodiy o‘sishni ta’minlash mumkinmi?

Infratuzilma tarmoqlariga investisiya kiritish orqali iqtisodiy o‘sishni ta’minlash mumkinmi?

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari infratuzilma tarmoqlariga kiritilgan investisiyalarning iqtisodiy taraqqiyotga ta’sirini baholadi.

PMTI ekspertlari xorijiy tajribani o‘rganish asosida sog‘liqni saqlash, ta’lim, elektr energiyasi va suv ta’minoti, yo‘l-transport, ma’lumotlarni qayta ishlash va uzatish tizimlarini rivojlantirishga kiritilgan investisiyalarning O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sishga ta’sirini baholovchi elastiklik koeffisiyentini hisoblab chiqdi.

Hisob-kitoblar O‘zbekistonning 14 ta hududi kesimida 2010-2021 yillarda ushbu tarmoqlarga kiritilgan investisiyalar va yalpi hududiy mahsulot (YAHM) bo‘yicha panel ma’lumotlar asosida juft regressiya modellarini tuzish orqali amalga oshirildi.

Tadqiqot davomida infratuzilma tarmoqlariga investisiyalarning kiritilishi iqtisodiy taraqqiyotga quyidagicha ta’sir ko‘rsatishi ilmiy jihatdan asoslab berildi:

➖ infratuzilmaning barcha tarmoqlariga kiritilgan investisiyalar iqtisodiy o‘sishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi;

➖ inson kapitalini oshirish bilan bog‘liq infratuzilmaga kiritilgan investisiyalar eng yuqori ta’sir (elastiklik koeffisiyent) ga ega, ya’ni ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlariga kiritiladigan investisiyalar 1% ga oshganda, YAHM mos ravishda 0,52% va 0,43% ga o‘sadi;

➖ transport va raqamlashtirish sohalarini rivojlantirish uchun kiritilgan investisiyalar ham iqtisodiyotning rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega, ya’ni ushbu tarmoqlarga yo‘naltirilgan investisiyalar 1% ga oshganda, YAHM mos ravishda 0,32% va 0,30% ga o‘sadi.

Elektr energiyasi va suv ta’minoti tarmoqlariga kiritiladigan investisiyalarning ta’siri (elastiklik koeffisiyenti) boshqa infratuzilma tarmoqlaridagiga nisbatan pastroq, ya’ni ushbu sohalarga yo‘naltirilgan investisiyalarning 1% ga oshishi YAHMning mos ravishda 0,16% va 0,08% o‘sishiga olib keladi. Nazariyaga ko‘ra, bunday natija ushbu sohalarga kiritilgan investisiyalar nisbatan uzoqroq vaqtdan so‘ng iqtisodiy foyda keltirishi bilan izohlanadi. Shu bilan birga, ushbu tarmoqlar boshqalar sohalarning rivojlanishi uchun asos ekanligini yoddan chiqarmaslik lozim. Ularni rivojlantirmasdan, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga investisiya kiritish kutilgan natijani berishi qiyin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!