IIV: Mahkumlarning videokonferensaloqa orqali qisqa muddatli bir marotaba uchrashuvi 5300 so‘m etib belgilanadi

IIV: Mahkumlarning videokonferensaloqa orqali qisqa muddatli bir marotaba uchrashuvi 5300 so‘m etib belgilanadi

 

Jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlar bilan videokonferens orqali 15 daqiqagacha qisqa muddatli uchrashuvlar o‘tkazishga ruxsat beriladi. Bu haqda Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi Tarbiyaviy va ijtimoiy psixologik ishlarni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Jamshid Sultonov «Daryo»ga ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, jazoni ijro etish tizimiga IT-texnologiyalarni joriy etish, jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar va ularning oila a’zolariga qulaylik yaratish maqsadida mahkumlarning qarindoshlari va boshqa shaxslar bilan bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlari videokonferensaloqa rejimida onlayn tarzda o‘tkazilishi ma’lum qilingan edi.

Jamshid Sultonovning «Daryo» muxbiri Musulmonbek Ibrohimovga ma’lum qilishicha, jazoni ijro etish muassasalari (JIEM)da jazoni ijro etayotgan mahkumlar bilan videokonferensaloqa orqali qisqa muddatli uchrashuvlarni o‘tkazish tartibi ishlab chiqilgan.

«Hozir ushbu tizim test rejimida ishlamoqda. Bunda mahkumlar jazoni ijro etish muassasasida turib, mahkum bilan ko‘rishmoqchi bo‘lganlar joylardagi probasiya joylarida turib videokonferensaloqa orqali qisqa muddatli uchrashuvlarni o‘tkazishi mumkin. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, uchrashuvlar o‘rtada to‘siq bo‘lgan holda tashkil qilinadi. Shuning uchun bu qo‘shimcha chiqimlarni oldini olish, qarindoshlarini yo‘lkira xarajatlaridan ozod qilish maqsadida qo‘llanilmoqda. Bundan tashqari, zamonaviy texnologiyalarni JIEMga joriy etilayotgan yangiliklarimizdan bittasi», – dedi IIV vakili.

Mavzuga doir: «O‘zbekiston qamoqxonalarida namoz o‘qish va ro‘za tutish bo‘yicha cheklovlar yo‘qligi ma’lum qilindi»

Sultonovning tushuntirishicha, qisqa muddati uchrashuvlar 2 yoki 3 oyda bir marotaba o‘tkazilishi belgilangan.

«Shunga muvofiq videokonferensaloqa ham shu muddatga muvofiq o‘tkaziladi. Muddat kelganida mahkumning qarindoshlari joylardagi probasiya bo‘limiga murojaat qilishi mumkin. Probasiya bo‘limi JIEM bilan bog‘lanib, uchrashuv tashkil etib beradi. Uchrashuv 15 daqiqagacha davom etadi. Aloqa xizmati uchun 5300 so‘m haq olinadi. To‘lovni kelishgan holda mahkum yoki uning qarindoshi to‘lashi mumkin. Ushbu summa xizmat taqdim etayotgan provaydirning belgilagan narxiga monand o‘zgarib boradi», – dedi u.

Avvalroq Zangiotadagi jazoni ijro etish muassasalari xodimlari test rejimida bodikameralar bilan ta’minlangani va bu bosqichma-bosqich ommalashtirilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarni saqlash sharoitlarining shaffofligini ta’minlash hamda qiynoq va jismoniy tazyiq o‘tkazish bilan bog‘liq salbiy holatlarning oldini olish maqsadida tizimdagi 54 ta jazoni ijro etish muassasalari 3 ming 280 ta zamonaviy videokuzatuv moslamalari bilan jihozlangan. Shundan 2 ming 203 tasi jazoni ijro etish muassasasi yashash sahniga, 432 tasi ishlab chiqarish sahniga, 645 tasi tashqi ma’muriy hududga o‘rnatilganligi haqida ma’lumot berilgan edi. 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!