IIV firibgarlar tuzog‘iga ilinmaslikka chaqirdi

IIV firibgarlar tuzog‘iga ilinmaslikka chaqirdi

Oxirgi kunlarda Internet tarmog‘ida turli firibgarlarning oson boylik orttirish maqsadida chet eldan turib vatandoshlarimizni aldab, plastik kartalaridagi pullarini o‘zlashtirishning yangi usullari ommalashib bormoqda.  Bu haqda IIV Axborot xizmati yozmoqda.

Bunga firibgarlar ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolarga turli murojaatlar jo‘natib, ishonchiga kirish hamda  javob berishga undash orqali erishmoqdalar. 

Masalan: “Sizning nomingizga chet eldagi shu insondan katta miqdordagi meros qoldirilgan, men uning advokati bo‘laman, pasport ma’lumotlaringizni plastik karta raqamlaringizni yuborsangiz yoki merosni rasmiylashtirish uchun dastlabki to‘lovlarni amalga oshirishingiz lozim, shuncha miqdorda pul yuboring”;

“qo‘shni Afg‘oniston Respublikasiga harbiy xizmatni o‘tash uchun kelganman, ushbu joyda muhim topshiriqni bajarganligim uchun katta miqdorda pul berildi, buni AQShga olib keta olmayman rasmiylarning bu haqida xabari yo‘q, shuni Sizni nomingizga yuborsam, xizmatni o‘tab chiqib O‘zbekistonga boraman shu yerda birga biznes qilib ishlatamiz”;

“Xalqaro jo‘natmalardanmiz Sizga yuk yuborilgan, olishingiz uchun to‘lovni amalga oshiring” deb turli xildagi pochta jo‘natmalari yorlig‘i yopishtirilgan, soxta tusi o‘zgartirilgan fotosuratlarni yuboriladi;

“O‘zbekiston Respublikasi IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurash bo‘limidan bildirishnoma! Siz O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan taqiqlangan materiallar, ya’ni pedofiliya, zo‘ravonlikni targ‘ib qilish elementlariga ega bo‘lgan pornografiya materiallari mavjud bo‘lgan pornografik saytlarga tashrif buyurganligingiz uchun blokirovka qilindingiz. Blokirovkani yechish uchun Siz shu plastik raqamiga davlat hamyoniga 310.000 so‘m miqdorida jarima to‘lashingiz zarur”;

“Siz lotoreyada g‘olib chiqdingiz yoki sovg‘alar soni cheklangan aksiyada ishtirok eting, sovg‘ani qo‘lga kiriting” va boshqa ko‘plab turli xil mazmundagi murojaatlar orqali, fuqarolarimizni qiziqtirish va muloqotga kirishishga undash.

Muloqot jarayonida jinoyatchilar jabrlanuvchiga o‘zi haqidagi yolg‘on to‘qima ma’lumotlarni, fotosuratlarini yuborib, ishonchiga kiradi, so‘ngra elektron pullarini qo‘lga kiritmoqda.

Noqonuniy harakatlarning belgilari sifatida umuman begona shaxs Sizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taklif bilan murojaat qilib qolishi, chet el telefon nomerlari orqali chiqishi, foydalangan veb-saytida noaniqliklar borligi, misol uchun mvd.mvd.mvd kabi shubhali rasmiy bo‘lmagan veb-saytlardan foydalanilganligi va boshqalarni ko‘rish mumkin.

Bu kabi holatlarga tushib qolmaslik uchun, ijtimoiy tarmoqlarda begona fuqarolar bilan umuman muloqot qilmang, internetda manfaat keltiruvchi har qanday taklifga shubha bilan qarang, pullaringizni jo‘natish zarur bo‘lganda ham ozroq fursat tanaffus qilib, bir nechta yaqinlaringiz bilan maslahatlashing, keyin qaror qabul qiling.

Sizga biror kishi o‘zidan-o‘zi moddiy manfaat keltiruvchi harakatlarni shunchaki qilib bermasligini yodda tuting. Ogoh bo‘ling!

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!