IIV: bizda axborot maxfiy saqlanadi

IIV:  bizda axborot maxfiy saqlanadi

Huquqbuzarlik aks etgan videolavhani «E-jarima.uz» saytiga jo‘natgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar maxfiy saqlanadi. Bu haqda IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi (YHXBB) boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Erali Bozorov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Daryo» muxbiri Musulmonbek Ibrohimov.

Avvlroq tarmoqlarda huquqbuzarlik aks etgan videoni «E-jarima.uz» saytiga jo‘natgan shaxsga o‘sha huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs do‘q-po‘pisa qilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. IIV YHXBB vakili maxfiy saqlanishi lozim bo‘lgan axborot tashqariga chiqib ketgani yuzasidan izoh berdi.

Huquqbuzarni aniqlagan fuqaro haqidagi ma’lumot maxfiy hisoblanadi. Hech kimga yetkazilmaydi. To‘g‘ri, mana shunday holat bo‘ldi. Bu bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. Biz dastlab axborotni xodimlar chiqarib yuborgan deb o‘ylab, ularning har biri bilan alohida suhbat o‘tkazdik. Shaxsiy axborot xodimlar tomonidan chiqarib yuborilmaganligi oydinlashdi.

20 kun davom etgan xizmat tekshiruvida har bir jihatga alohida e’tibor berdik. Huquqbuzar haydovchi bilan suhbatlashganimizda, uning mashinasida ham vidoregistrator bo‘lgani va shu orqali videotasvir muallifini mashinalar orasidan qidirib topganini bildirdi. Ya’ni, videotasvir jo‘natgan shaxs huquqbuzar haydovchini og‘aynisining tanishi bo‘lib chiqqan.

Bundan keyin maxfiy ma’lumotlarni qaysidir xodim chiqarib yuborsa, unga qat’iy chora ko‘riladi. Bu Vazirlar Mahkamasi qarori talabi.

Polkovnik Erali Bozorov, IIV YHXBB boshlig‘i o‘rinbosari

Ma’lumot uchun, avtomashina videoregistratorida huquqbuzarlik aks etgan lavha «E-jarima.uz» saytiga jo‘natiladi. Materiallar ko‘rib chiqiladi va «O‘zbekiston pochtasi» orqali qoidabuzarga jarima haqida ma’lumot yuboriladi. Ushbu tizim 2019 yilning 1 iyulidan ishga tushgan. Tizimga besh oy mobaynida 28 268 ta lavha kelib tushgan, shundan 18 822 tasida huquqbuzarlik holati borligi aniqlangan va qoidabuzar haydovchilar jarima tortilgan.

Bunda fuqaro o‘zi yuborgan videotasvir bo‘yicha qanday chora ko‘rilganini kuzatib borishi mumkin. Huquqbuzar jarimani to‘lashi bilan videomaterial yuborgan fuqaro hisobiga eng kam oylik ish haqining 5 foizi miqdorida — 11 150 so‘m kelib tushadi. Rag‘batlantirish pulini fuqaro istasa plastik kartasiga, xohlasa telefon raqami hisobiga tushirishi mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!