Hormuz bo‘g‘ozi orqali kema qatnovi eng past darajaga tushdi
Bo‘g‘oz yana yopilgani haqidagi e’londan so‘ng tijorat kemalari harakati mojaro boshlanganidan beri eng past ko‘rsatkichlardan biriga tushdi.
AQSh va Eron o‘rtasidagi yangi keskinlik fonida Hormuz bo‘g‘ozi orqali tijorat kemalari harakati yana deyarli to‘xtab qoldi.
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) dengiz kuchlari xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgani sababli Hormuz bo‘g‘ozi alohida ko‘rsatmaga qadar yopilishini ma’lum qildi. Tehron bu vaziyatni xorijiy harbiy aralashuv bilan bog‘lamoqda.
IIQK bayonotiga ko‘ra, AQSh harbiylarining aralashuvi to‘xtatilib, qirg‘oqbo‘yi davlatlarining hududiy suvlardagi suveren huquqlari tan olinganidan keyingina kema harakati qayta tiklanishi mumkin. Shuningdek, Eron kuchlari ruxsatsiz bo‘g‘ozdan o‘tishga uringani aytilgan ikki kemani to‘xtatganini bildirdi.
Kpler tahlil kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi bir sutka ichida Hormuz bo‘g‘ozi orqali atigi 14 ta tijorat kemasi o‘tgan. AQSH, Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaro boshlanishidan avval bu ko‘rsatkich o‘rtacha kuniga 130 ta kemani tashkil etardi.
Mojaroning eng faol bosqichida kema harakati 90 foizdan ortiqqa qisqargan. 14 iyun kuni Vashington va Tehron o‘rtasida erishilgan kelishuvlardan keyin qatnov asta-sekin tiklana boshlagan va kuniga o‘tayotgan kemalar soni 70 tadan oshgan edi.
Biroq yangi zarbalar va kemalarga qilingan hujumlar ortidan harakat yana keskin kamaydi. Qiyos uchun, 10 iyul kuni bo‘g‘ozdan 20 ta, 11 iyul kuni esa 24 ta tijorat kemasi o‘tgan. Iyun oyidagi kelishuvlardan keyingi eng yuqori ko‘rsatkich 24 iyun kuni qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda bo‘g‘oz orqali 76 ta kema harakatlangan.
So‘nggi bir sutkada bo‘g‘ozdan o‘tgan kemalar orasida taxminan 2 million barrel Eron neftini tashigan Humanity tankeri ham bo‘lgan. Yana ikki kema har biri taxminan 500 ming barrel og‘ir neft mahsulotlarini tashigan. Qolgan kemalarning aksariyati, taxminlarga ko‘ra, yuksiz harakatlangan.
Bo‘g‘ozning qayta yopilishi ortidan ushbu yo‘nalish orqali xom neft eksporti amalda asosan Eron yetkazib berishlari bilan cheklanib qoldi.
Hormuz bo‘g‘ozi jahon energetikasi uchun eng muhim transport yo‘laklaridan biri hisoblanadi. U yerdagi har qanday cheklov neft va gaz yetkazib berishda uzilishlar hamda jahon bozorida narxlar oshishi haqidagi xavotirlarni kuchaytiradi.
