Hindiston va Pokistonda jazirama issiq odamlar o‘limiga sabab bo‘lmoqda

Hindiston va Pokistonda jazirama issiq odamlar o‘limiga sabab bo‘lmoqda

So‘nggi haftalarda Pokiston va Hindistonning ayrim hududlarida havo harorati rekord darajaga yetdi, bu esa millionlab odamlarning hayotiga tahdid solmoqda, chunki jazirama iqlim oqibatlari butun mintaqada sezilmoqda.

Hindiston meteorologiya departamenti poytaxt hududi (bu Nyu-Dehlini ham o‘z ichiga oladi) uchun to‘q sariq rangli xavf darajasini e’lon qildi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Hindiston poytaxtining ayrim hududlarida maksimal harorat +45…+47° gacha ko‘tarilishi kutilmoqda.

Shimoliy Hindistonning ayrim hududlarida esa jazirama tufayli «qizil» ogohlantirish – xavfning maksimal darajasi kuchga kirdi. Xususan, sinoptiklar shimoli-g‘arbiy Rajastan shtatining ayrim tumanlaridan birida harorat allaqachon + 48,5 ° ga ko‘tarilgan.

Bunday ob-havo bug‘doy hosilini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin va 14 may kuni Hindiston hukumati ichki bozorda don narxining oshishini to‘xtatish maqsadida mamlakatdan bug‘doy eksportini taqiqladi.

Shifokorlar misli ko‘rilmagan darajada ko‘p oftob urishlarini qayd etishmoqda. O‘tgan yillarda oftob urishining eng yuqori cho‘qqisi iyun-iyul oylarida bo‘lgan, ammo hozirda ular may oyida juda ko‘p uchramoqda.

Pokiston markazida ifloslangan ichimlik suvi tufayli vabo kasalligi avj oldi va bu kasallik allaqachon minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘ldi.

17 aprel kuni Balujiston viloyatidagi tog‘li shaharcha Pirkuhda vaboning birinchi holatlari aniqlangan. Pirkuh aholisi toza ichimlik suvi ta’minlanmaganidan shikoyat qilmoqda. Bu yil yomg‘ir yog‘magani uchun yaqin atrofdagi suv havzalari qurib qolgan. Mahalliy aholidan birining so‘zlariga ko‘ra, ularning yagona suv manbai zanglab, suvni ifloslantirgan. Odamlar iflos suv ichishga majbur bo‘lmoqda.

Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif Pirkuhdagi vabo epidemiyasini to‘xtatish uchun shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi. Xalqqa toza ichimlik suvi yetkazilishi va bemorlarni davolash uchun tibbiy lagerlar barpo etish uchun ko‘chma suv idishlarini o‘rnatishga yordam berish uchun harbiylar safarbar etilgan.

Vabo - har yili dunyo bo‘ylab minglab odamlarning o‘limiga olib keladigan o‘tkir ichak kasalligi. Kasallik Vibrio cholerae bakteriyalari bilan ifloslangan oziq-ovqat yoki suvni iste’mol qilish orqali osonlikcha yuqadi.

Markaziy Sind viloyatidagi dunyoning eng issiq shaharlaridan biri Yaqubobodda havo harorati yakshanba kuni Selsiy bo‘yicha 51 darajaga, bir kun avval esa 50 darajaga yetgan. Shaharda bu oyda o‘rtacha harorat Selsiy bo‘yicha 45 daraja atrofida bo‘lgan.

Havoning salqinlashishi amri mahol. Pokistonning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha vaziri Sheri Rahmon dushanba kuni Pokiston iqlim o‘zgarishiga eng zaif davlatlar o‘ntaligiga kiradi, degan. «Bu yirik falokat va uni jiddiy qabul qilish kerak», degan u CNN agentligiga bergan intervyusida.

2015 yil yozida Pokistonning eng yirik shahri Karachida jazirama mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!