Hindiston Rossiyadan 10 ta Ka-31 vertolyotlarini sotib olishdan voz kechdi

A A A
Hindiston Rossiyadan 10 ta Ka-31 vertolyotlarini sotib olishdan voz kechdi

Hindiston Rossiya bilan Ka-31 radiolokasiyadan erta ogohlantiruvchi vertolyotlarni sotib olish bo‘yicha muzokaralarni noma’lum muddatga to‘xtatdi. Bunga Dehlining Moskvaning buyurtmani bajara olishiga ishonchsizligi sabab bo‘lgan.

Hindiston hukumati «Rosoboroneksport» va original uskunalar ishlab chiqaruvchi «Vertoleti Rossii» bilan 10 ta Ka-31 samolyotlarining birinchi partiyasini sotib olish bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatdi, deb xabar bergan Hindiston Mudofaa vazirligining nomini oshkor qilmagan vakili.

Rasmiyning qayd etishicha, hukumatlararo bitimning to‘xtatilishi Rossiya Federasiyasining buyurtmalarni bajarish qobiliyatidan xavotirlar, shuningdek, to‘lov o‘tkazmalari bilan bog‘liq muammolar bilan bog‘liq.

Xaridlar vazirligining sobiq moliyaviy maslahatchisi Amit Kaushishning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumini qoralagani sababli, to‘xtatib turish geosiyosiy bosim bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Uning qo‘shimcha qilishicha, boshqa omillar byudjet cheklovlarini o‘z ichiga olishi mumkin va Hindiston mahalliy ishlab chiqarilgan vertolyotlarni sotib olishni afzal ko‘radi.

Hindiston 2019 yil may oyida Rossiyadan Ka-31 vertolyotlarini sotib olishga qaror qilgan, ammo sotib olish dasturi koronavirus pandemiyasi va platformaning yuqori narxi tufayli ortiqcha kechikishlarga duch keldi.

Muzokaralar 2022 yil fevral oyida ishtirokchilar 10 ta Ka-31 vertolyotlari uchun 520 million dollarlik narx bo‘yicha kelishib olishganidan so‘ng qayta boshlandi, biroq rasmiylar rupiy-rubl ayirboshlash mexanizmi bo‘yicha kelisha olmagach, urinishlar yana bir to‘siqqa uchradi.

Hindiston harbiy-dengiz kuchlari iyul oyida foydalanishga topshiriladigan mamlakatning ikkinchi aviatashuvchisi INS Vikrant uchun Ka-31 vertolyotlaridan foydalanishni rejalashtirgan edi.

Hozirgi vaqtda Hindiston harbiy-dengiz kuchlarida 14 ta Ka-31 vertolyotlari mavjud, ularning to‘rttasi 2003 yilda, beshtasi 2005 yilda bosqichma-bosqich foydalanishga topshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyi boshida Hindiston Rossiyadan 48 ta Mi-17 vertolyotini sotib olishdan bosh tortgan edi. Bu qaror AQSh va Hindiston mudofaa vazirlarining Vashingtondagi uchrashuvidan so‘ng qabul qilingan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!