Hindiston bosh vaziri COVID-19’ga qarshi mahalliy vaksina bilan emlandi

Hindiston bosh vaziri COVID-19’ga qarshi mahalliy vaksina bilan emlandi

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi koronavirusga qarshi mamlakatda ishlab chiqarilgan COVAXIN vaksinasining birinchi dozasini oldi. Bu haqda «Interfaks» xabar berdi.

«COVID-19’ga qarshi vaksinaning birinchi dozasini qabul qildim. (...) Men emlanish huquqi bo‘lgan barchaga murojaat qilyapman. Keling, Hindistonni koronavirusdan xoli mamlakatga aylantiraylik!», — deb yozdi Modi Twitter tarmog‘iga vaksina bilan emlanayotgani tasvirlangan suratni joylab.

Hindistonda 1 mart, dushanba kunidan vaksinasiyaning ikkinchi to‘lqini boshlandi. Vaksinasiya doirasida 45 yosh va undan yuqori bo‘lganlar va biror kasallik bilan og‘riganlar emlanish huquqiga ega.

Birinchi navbatda 12 milliondan ortiq bo‘lgan tibbiyot xodimi emlandi. Xabar berilishicha, ularning ko‘pchiligi mahalliy COVAXIN vaksinasi bilan emas, AstraZeneca preparati bilan emlanishni afzal ko‘rgan.

«Buning hammasi COVAXIN’ning faqat eksperimental vaksina bo‘lgani va sinovlarning uchinchi bosqichi yakunlanmagani masalasidagi dastlabki munozaralarga bog‘liq», — dedi Maxarashtra shtati hukumatining vaksinasiya strategiyasi bo‘yicha maslahatchisi Subxash Salunxe.

Bharat Biotech vaksina ishlab chiqaruvchi kompaniyasi mutaxassisining ta’kidlashicha, tez orada 26 ming ko‘nggilli bilan o‘tkazilgan sinov natijalari e’lon qilinadi.

Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, Hindiston koronavirus bilan zararlanish holatlari bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Pandemiya boshidan buyon mamlakatda 11 110 152 ta holat qayd etildi, 157 ming kishi virus qurboniga aylandi, 10 milliondan ortig‘i sog‘aydi.

Avvalroq Hindistonda koronavirusning «afrikacha» va «braziliyacha» shtammlari aniqlangani haqida xabar berilgan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!