Hijratdan so‘ng Madinada tug‘ilgan birinchi bola kim edi?

A A A
Hijratdan so‘ng Madinada tug‘ilgan birinchi bola kim edi?

Taniqli sahobalardan Abdulloh ibn Zubayr ibn Avvom ibn Xuvaylid Qurayshiy Asadiy roziyallohu anhuning kunyasi Abu Bakr, Abu Habib bo‘lgan. U Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning qizlari Asmo va mashhur sahoba Zubayr ibn Avvomning o‘g‘li edi. U hijratdan so‘ng Madinada tug‘ilgan birinchi bola bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida to‘qqiz yoshda edi. O‘ta taqvoli, rostgo‘y, obid, haqiqatgo‘y va jasur kishi edi. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamdan 33 ta hadis rivoyat qilgan. Hazrati Usmon roziyallohu anhu davrlarida Afrika fathida qatnashgan. Hijriy 64 yili Yazid ibn Muoviya vafotidan so‘ng xalifa sifatida Abdullohga bay’at berildi va u to‘qqiz yil mobaynida Misr, Hijoz, Yaman, Xuroson, Iroq, Shomning ba’zi yerlariga hukmdor bo‘ldi. Hijriy 73 (milodiy 692) yili Abdulloh ibn Zubayr bilan Hajjoj o‘rtasida qattiq janglar bo‘lib, u kishi ana shu jangda shahid bo‘lgan.

Abdullohning nasabi juda sharafli edi: uning otasi Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu «Rasulullohning havoriysi» laqabini olgan, hayotligidayoq jannat mujdasi bilan sharaflangan Asharai mubashsharaning atoqli sahobalaridan edi. Onasi birinchi xalifaning qizi Asmo binti Abu Bakr bo‘lib, Abdulloh hazrati Abu Bakrga nabira va hazrati Oishaga jiyan edi.

Abdulloh ibn Zubayr hijratning ikkinchi yili Madina yaqinidagi Qubo mavzeida tavallud topgan. Uning dunyoga kelishi musulmonlarning juda katta xursandchiligiga sabab bo‘ldi. Birinchidan, u musulmonlarning Madinaga hijrat qilishlaridan keyin Madinada tug‘ilgan ilk bola edi. Ikkinchidan, Madina yahudiylari «musulmonlarni sehrlab qo‘yganlari, endi ulardan sira farzand tug‘ilmasligi» haqidagi yolg‘on gaplarni tarqatishgan edi. Madinaga yangi ko‘chib kelgan muhojirlar orasida ancha paytgacha hech kim farzandli bo‘lmagani musulmonlarni ham xavotirga solib qo‘ygan edi.

Abdullohning tug‘ilishi ana shu shubha-xavotirlarga chek qo‘ydi. Bu quvonchli voqea Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ham juda mamnun etdi. O‘zlari yangi chaqaloqning tanglayini ko‘tardilar va Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga bolaning qulog‘iga azon aytishni buyurdilar.

Hishom otasidan rivoyat qiladi: «Asmo bint Abu Bakr roziyallohu anhumo Makkada Abdulloh ibn Zubayrga homilador bo‘lganini aytib, bunday dedi: «Yo‘lga chiqqanimda oy‑kunim yetib qolgan edi. Madinaga kelib, Quboga tushdim va Quboda tug‘dim. So‘ngra uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga olib kelib, quchoqlariga qo‘ydim. U zot bir xurmo opkeltirib, uni chaynadilar, keyin og‘ziga tuflab qo‘ydilar. Uning ichiga ilk kirgan narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tupuklari bo‘ldi. Keyin xurmo bilan tanglayini ko‘tardilar. Keyin haqqiga duo qildilar, baraka tiladilar. U Islomda tug‘ilgan (Madinadagi) ilk chaqaloq bo‘ldi. Bunga rosa quvonishdi, chunki ularga: «Yahudiylar sizlarni sehrlab qo‘ygan, endi sizlar farzand ko‘rmaysizlar», deyishgan edi» (Buxoriy rivoyati).

Abdullohning hamma suyub-erkalar, uni, ayniqsa, mo‘minlar onasi hazrati Oisha alohida muhabbat bilan yaxshi ko‘rardilar. Shuning uchun Oisha roziyallohu anho Ummu Abdulloh (Abdullohning onasi) kunyasini oldilar. Abdulloh yoshligidanoq Islomni yoyish yo‘lidagi ulkan harakatlar va kurashlar ichida o‘sdi. Ba’zi manbalardan zikr etilishicha, otasi Zubayr o‘g‘lini Yarmuk jangiga olib borgani, o‘zi jangga kirib, o‘g‘lini ot va anjomlar oldida qolgani keltiriladi. Keyinchalik Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu Afrika va Qustantaniya fathlarida qatnashishga muyassar bo‘ldi.

Ulug‘ sahobiy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytadi: «Abdulloh ibn Zubayr Allohning Kitobini ko‘p o‘qiydigan, Islomda himmatlidir. Uning bobosi Abu Bakr, ammasi Xadicha, xolasi Oisha, buvisi Sofiyyadir. Allohga qasam, men uning oldida shunchalar ehtiyot bo‘lamanki, hatto Abu Bakr va Umarlarning oldida ham bunchalik bo‘lmaganman».

U Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan so‘ng to‘g‘ri yo‘ldagi xalifalar davrida ham, ulardan keyingi Muoviya ibn Abu Sufyon zamonida ham Payg‘ambar alayhissalom shaharlari – Madinada istiqomatda qoldi. Islom davlati xalifalarining har biriga yaqin maslahatchi bo‘ldi, tavsiyalarini darig‘ tutmadi, ularni himoya etdi. Ammo hazrati Aliy davrida qatl qilingan xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning qotillaridan qasos olishni talab qilib chiqqanlar tarafida bo‘ldi. Otasi Zubayr ibn Avvom, Talha ibn Ubaydulloh hamda Oisha roziyallohu anhum bilan birga Jamal (tuya) voqeasida qatnashdi. Fitnachilar tomonidan uyushtirilgan ana shu mash’um jangda og‘ir yaralandi va otasidan judo bo‘ldi. Shu ishlardan so‘ng Abdulloh roziyallohu anhu Siffin voqeasida ishtirok etishdan tiyildi.

Fitna va talato‘plar natijasida Muoviya roziyallohu anhuning o‘g‘li Yazid xalifalikni da’vo qilib chiqqanida Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu unga bay’at qilishdan bosh tortdi. Chunki imom Husayn roziyallohu anhuning Karbalo dashtida Yazid sarkardasi tomonidan yovuzlarcha qatl etilishi unga juda qattiq ta’sir qilgan edi. Shundan so‘ng Abdulloh Makkaga ketib qoladi. Yazid ibn Muoviya u yerga Amr ibn Said Ashdaq boshchiligidagi qo‘shinini yuboradi. Qamal paytida Yazid vafot etib qoladi va bu qo‘shin ortiga qaytadi.

Hijriy 64 yili Hijoz, Yaman, Misr, Iroq, Xuroson va Shomning juda ko‘p hududlari musulmonlar amiri sifatida Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhuga bay’at qiladi. Damashqda esa umaviylardan Marvon ibn Hakam o‘zini xalifa deb e’lon qiladi va atrofidagi bir qancha hududlarni qo‘lga kiritadi. Biroq u ham Makkaga yetib bora olmay omonatini Egasiga topshiradi. Shundan so‘ng xalifalikni qo‘lga kiritgan Abdumalik ibn Marvon o‘ziga bo‘ysunmagan Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhuga qarshi Hajjoj ibn Yusuf Saqofiy boshchiligida kattagina qo‘shin yuboradi. Biroz davom etgan qamaldan so‘ng Hajjojning qo‘li baland keladi. Shu tariqa Abdullohning xalifaligi tugaydi va u hijriy 64–73 yillar mobaynida qariyb to‘qqiz yil davom etadi.

Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhudan jami 33 ta hadis rivoyat qilingan, shulardan bitta hadis ham Buxoriy, ham Muslim «Sahih»ida, olti hadis faqat Buxoriyda, ikki hadis esa faqat Muslimda keltirilgan.

Abdulloh ibn Zubayr hijriy 73 (milodiy 692) yili jumodul oxir oyi o‘rtalarida Abdumalik ibn Marvon yuborgan Hajjoj boshchiligidagi qo‘shin bilan bo‘lgan jangda halok bo‘lgan. Manbalarda keltirilishicha, Hajjoj uning jasadini bir necha kun odamlar ko‘z o‘ngida osib qo‘ygan.

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!