“HEAD&SHOULDERS” va “CLEAR” brendining kontrafaktini ishlab chiqarayotgan korxona jazoga tortildi

“HEAD&SHOULDERS” va “CLEAR” brendining kontrafaktini ishlab chiqarayotgan korxona jazoga tortildi

Joriy yilning 27 iyunidan 5 iyuliga qadar Andijon viloyatidagi yirik bozorlar va savdo komplekslarida kontrafakt mahsulotlar ishlab chiqarilishi va sotilishining oldini olish bo‘yicha profilaktika tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur tadbirlar davomida bir nechta savdo do‘konlarida “HEAD&SHOULDERS” MGU, “CLEAR” MBX guvohnomalar bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan tovar belgilariga xaridorni chalg‘itib yuborish darajasida o‘xshash bo‘lgan “hedn&shollders”, “CLEER”nomli shampun mahsulotlari sotilayotganligi hamda mahsulot qadog‘ida «AOS» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotganligi qayd etilganligi aniqlandi.

Vaholanki, «Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida»gi Qonunining 3-moddasiga ko‘ra, tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisi bu bir yuridik va jismoniy shaxslar tovarlari va xizmatlarini boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning shu turdagi tovarlaridan farqlash uchun xizmat qiladigan, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan belgilar ekanligi qayd etilgan Shuningdek, mazkur qonunning 26-moddasiga ko‘ra, tovar belgisini yoki shu belgi bilan belgilangan tovarni ruxsat berilmagan tarzda tayyorlash, qo‘llash, olib kirish, savdoga taklif etish, sotish, o‘zgacha tarzda fuqarolik muomalasiga kiritish yoki ularni shu maqsadda saqlash yoxud ular bilan adashtirib yuboradigan darajada aynan o‘xshash bo‘lgan bir xildagi tovarlarni belgilash tovar belgisiga doir mutlaq huquqni buzish deb e’tirof etilishi hamda 27-moddasida tovar belgisidan yoki adashtirib yuborish darajasida u bilan o‘xshash bo‘lgan belgidan tovarlarda, tovarlarning etiketkalarida, o‘rovlarida qonunga zid ravishda foydalanilganda ular kontrafakt hisoblanishi belgilangan.

«AOS» MCHJ rahbari O‘zbekiston Respublikasida huquqiy muhofaza olgan tovar belgilariga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash belgilardan foydalangan holatda shampun mahsulotlarini ishlab chiqargani hamda sotuvga taklif qilganligi sababli Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 177-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari, ya’ni uch million so‘m jarima jazosi tayinlangan.

Murodjon JALOLDINOV,
Viloyat adliya boshqarmasi
Intellektual mulk huquqlarini
himoya qilish bo‘limi bosh maslahatchisi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!