Haydovchilar qaysi turdagi dorilarni qabul qilmagani ma’qul?

Haydovchilar qaysi turdagi dorilarni qabul qilmagani ma’qul?

Amaldagi yo‘l harakati qoidalarining 12-bandida haydovchiga transport vositasini mastlik holatida (alkogol, giyohvand moddalar iste’mol qilgan va hokazo), sezgirlik va e’tiborni susaytiradigan dori-darmonlar ta’sirida, yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan darajadagi charchoqlik va betoblik holatida boshqarish taqiqlanishi ko‘rsatilgan. Lekin ko‘pincha “ichish” deganda spirtli ichimliklar nazarda tutiladi va bunday qoidabuzarlik mo‘maygina jarima to‘lashga olib keladi (2018 yil 22 oktyabrdagi O‘RQ-503-sonli qonunga asosan,  transport vositasini 1,5 yildan 3 yilgacha boshqarish huquqidan mahrum etish hamda eng kam ish haqining 25 barobari miqdoridagi jarimaga sabab bo‘ladi). Bunchalik qat’iy choraning belgilanishi bejiz emas, albatta. Chunki mast haydovchi faqat o‘zi va mashinasidagi yo‘lovchilarning emas, boshqa transport vositalaridagi odamlar va ko‘chadagi piyodalarning ham hayotini xatarga qo‘yadi.

Xuddi shuningdek, ko‘pda e’tibor qaratilmaydigan holat – “sezgirlik va e’tiborni susaytiradigan dori-darmonlar ta’sirida” avtomobilni boshqarish ham yo‘l harakati davomidagi xavfni bir necha karra oshiradi. Quyidagi infografikada rulga o‘tirganda salbiy holatlarga sabab bo‘luvchi dori vositalari va ularning nojo‘ya ta’sirlari haqida ma’lumot keltirilgan (manba: aif.ru).

NEYROLEPTIK (ANTIPSIXOTIK)LAR

* Aminazin, neuleptil, eglonil.

** Markaziy asab tizimi faoliyatini susaytiradi.

ANTIDEPRESSANTLAR

*Amitriptilin, klomipramin, imipramin, maprotilin, mianserin.

** Xatti-harakatlardagi nomuvofiqlikka sabab bo‘lishi mumkin.

OSHQOZON-ICHAK KASALLIKLARIGA DORILAR

*Gastril, piren, gastrozem.

** Ko‘z qorachig‘ini kengaytirib, ko‘rishda tasvirni xiralashtiradi. Bunday ta’sir bir necha kungacha saqlanishi mumkin.

UYQU DORILARI

* Barbital, nitrazepam, imovan.

** To‘liq dozasi 10 soat va undan ko‘proq muddat organizmga ta’sir qilishi mumkin. Demak, ertalab haydovchining reaksiyasi (sezgilari) me’yorida bo‘lmaydi.

CHAYQALISh SINDROMIGA QARSHI VOSITALAR

* Dramina, kokkulin, aviamore.

** Tarkibida uyquni keltiradigan moddalar bor, shu bois reaksiyani susaytiradi.

DIAREYAGA QARSHI DORILAR

* Diarol, diasorb, imodium.

** Markaziy asab tizimi faoliyatiga susaytiruvchi ta’sir ko‘rsatadi.

STIMULYATORLAR

* Kofein, fenamin.

** Haddan ortiq to‘lqinlantirib yuborishi, xatti-harakatlardagi muvofiqlik va muvozanatni buzishi mumkin.

TRANKVILIZATORLAR

* Elenium, seduksen, sibazon, valium.

** Reaksiyani susaytiradi, mushaklarni bo‘shashtiradi. Odamni atrof-muhitga bee’tibor qilib qo‘yadi. Katta doza uyquchanlikni oshiradi, xatti-harakatlardagi nomuvofiqlikka olib keladi.

LITIYa PREPARATLARI

Litiya karbonat va litiya oksibutirat.

** Uzoq muddat ichib yurilganda diqqatni jamlash qobiliyatini pasaytiradi.

YO‘TALGA QARSHI DORILAR

* Kodterpin, kodelak, kaffetin.

** Diqqatni tarqoqlashtiradi, parishonxotirlik kuzatiladi.

BETA-BLOKATORLAR

* Propranolol, atenolol, karvedilol.

** Miya faoliyatini susaytiradi, ko‘pincha bemorning o‘ziga sezilmaydi.

ANTIGISTAMIN (ALLERGIYAGA QARSHI) DORILAR

* Dimedrol, suprastin, diazolin, tavegil, pipolfen, diprazin.

** Vaziyatni aniq idrok etish qobiliyatini izdan chiqaradi, lanjlik kayfiyatiga sabab bo‘ladi.

TINCHLANTIRUVCHI (SEDATIV) VOSITALAR

* Novopassit, arslonquyruq (pustirnik), valeriana.

** Sustkashlik, uyquchanlik, befarqlik kuzatiladi. Dori ta’siridagi haydovchilar yo‘ldagi xavflarga to‘g‘ri baho berolmasligi mumkin.

OG‘RIQ QOLDIRUVCHI DORILAR

* Tramal, ketorol, ketanov, pentalgin, aspirin, analgin.

** Markaziy asab tizimi faoliyatini susaytiradi, diqqatni va reaksiyani pasaytiradi.

TISh OG‘RIG‘IGA QARSHI PREPARATLAR

* Alokain, anestekain, molkain.

** To‘satdan ko‘ngil aynishi, qon bosimi tushishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Bunday dorilarni ichgandan keyin kamida 12 soatgacha avtomobil boshqarmaslik kerak.

GIPOTENZIV (QON BOSIMINI TUSHIRUVCHI) DORILAR

* Rauvazan, rezerpin, klofelin.

** Miyaga asab impulslari yetib borishini sekinlatadi.

SHAMOLLASHGA QARSHI VOSITALAR

* Koldreks nayt, nurofen plyus, geksapnevmin, migrenol, ferveks, teraflyu.

** Uyquchanlikni oshiradi.

Ayrim dori vositalarining tarkibida uyqu chaqiradigan moddalar bor. Ana shularni hisobga olib, e’tibor talab qiladigan ishda ishlaydiganlar, shu jumladan, haydovchilar bu turdagi dorilarni uyquga ketishdan oldin qabul qilganlari ma’qul.

Dori qabul qilishda ko‘p kuzatiladigan xatolar…

Bemor dori qabulidan keyin bir-ikki kun mobaynida shifokor bilan aloqada bo‘lib, dorining ta’siri haqida uni ogohlantirishi kerak. 

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!