Havo ham boylik bo‘ladimi?

Havo ham boylik bo‘ladimi?

Er yuzida yashayotgan barcha tirik organizmlar uchun eng muhim omillardan biri bu – atmosfera havosi bo‘lib, uning sifat ko‘rsatkichlarini ekologik normativlar va standartlarga mosligini ta’minlash bugungi kunning asosiy muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Atmosfera havosining ifloslanishi nima? U qanday kechmoqda, tirik organizmlarga ta’siri qanday kabi savollar ketma-ketligi va ularning javobi barchani o‘ylantiradi. Havoning ifloslanishi deb, tirik organizmlarning (insonlar, hayvonot va o‘simlik dunyosi, ekotizimlar) normal fiziologik holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan havoning tarkibi va xususiyatlarini barcha turdagi o‘zgarishlari tushiniladi. Bugungi kunda havoning tabiiy va antropogen omillar bilan ifloslanishi intensiv ravishda kechmoqda. Jumladan, iqlimshunos mutaxassislar, iqlim isishi aynan havo tarkibiga chiqarilayotgan iflos chiqindilar hisobiga yuz berayotganini va havo tarkibida SO2 konsentrasiyasi ortib borayotganini ta’kidlashmoqda. Havo tarkibida bu miqdor sanoat davri deb e’tirof etilgan XX asrning 50-yillaridan boshlab 280 ppm (havo tarkibidagi milliondan bir ulush) tashkil etgan bo‘lsa, hozir vaqtga kelib bu ko‘rsatkich qisqa vaqt oralig‘ida deyarli ikki barabobarga ortgan va 420 ppmga yetgan.

So‘nggi yarim asrda havo tarkibida is gazi 100 ppmga ko‘paygan va bu kabi tez o‘zgarishga sayyoramiz moslasha olmaydi. To‘satdan hosil bo‘luvchi iqlim bo‘hronlari va anomal holatlar buning yaqqol misolidir.

Insoniyat is gazining havo tarkibidagi muvozanatini ushlab turish uchun tabiatning o‘ziga imkon qoldirmadi. Yerlarning o‘zlashtirilishi, o‘rmon maydonlarining keskin qisqarishi natijasida atmosfera havosida milliardlab tonna uglerod gazlari yutilmay qolishiga sabab bo‘lmoqda.

British Petrolium, Jahon banki tomonidan keltirilgan raqamlarga asosan 2019 yilda (pandemiyadan avval) dunyo bo‘yicha o‘rtacha 34 mlrd. tonna SO2 gazi atmosfera xavosiga tashlangan, shundan Xitoy Xalq Respublikasi9 mlrd. 826 mln. tn (29 foiz), AQSh5 mlrd. tn (14,5 foiz), Evropa Ittifoqi davlatlari3 mlrd. tn (9,7 foiz), Hindiston2,5 mlrd. tn (7,3 foiz), Rossiya1,5 mlrd. tn (4,5 foiz), Yaponiya1,1 mlrd. tn (3,3 foiz), Qozog‘iston239 mln. tn (0,7 foiz), O‘zbekiston189,2 mln. tn (0,3 foiz)ni tashkil etmoqda.

Ko‘plab miqdorda havoga tashlanayotgan tashlamalar natijasida bugungi kunda atmosfera havosining tarkibiy sifat ko‘rsatkichlarining (azot – 78 foiz, kislorod – 21 foiz, argon – 1 foiz, karbonad angirdrid – 0,03 foiz va boshqa inert gazlar) o‘zgarish ehtimoli juda katta muammoga aylanishi mumkin.

Havoga tashlanayotgan milliard tonna zararli gazlar natijasida bugungi kunda “issiqxona samarasi” hosil bo‘ldi. Bu esa, zararli gazlar havoni “gilam” misol qoplab, sayyorada havo haroratining ko‘tarilishiga va iqlim o‘zgarishiga sabab bo‘lmoqda. Oxirgi 5 yillik kuzatuvlar yuqori anomal issiq haroratning keskin ortishini, ya’ni dunyo bo‘yicha yillik harorat 1,1 darajaga, O‘zbekistonda esa 2 darajagacha yuqorilaganini ko‘rsatmoqda (1880 yilga nisbatan). Orolbo‘yi hududlari (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Surxandaryo, Xorazm viloyatlari) iqlim o‘zgarishlariga eng zaif hududlar bo‘lib qolmoqda.

Havoning keskin darajada ifloslanishi natijasida tirik mavjudotlarga, jumladan, insonlar salomatligiga ham salbiy ta’sirlar ortmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda har 10 nafardan 9 kishi ifloslangan havodan nafas olmoqda, shuningdek, sayyoramizning 91 foiz aholisi havosi ifloslangan hududlarda yashamoqda. Odamlardagi yurak-qon tomir kasalliklarining 25 foizi, o‘pka kasalliklari va o‘pka saratonining 43 foizi ifloslangan havodan nafas olish natijasida kelib chiqmoqda.

Ma’lumot uchun: inson ovqatsiz va suvsiz bir necha kun yashay olishi mumkin, ammo havosiz 10 daqiqa ham yashay olmaydi, shuningdek, bir kishi kuniga 1 kg ovqat, 5 litrgacha suv ist’emol qilsa, 25 kg havoni nafas olish uchun sarflaydi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Konstitusiyaga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitusiyaviy komissiya a’zolari bilan joriy yil 20 iyun kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Tabiatdagi global iqlim o‘zgarishlari, Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq vaziyatning tobora keskin tus olayotgani ekologik xavfsizlik g‘oyat dolzarb masalaga” aylanayotgani ham alohida ta’kidlandi.

Xalqimiz “Toza havo – tanga da’vo”, degan iborani bejiz qo‘llamasligi yuqorida qayd etilgan raqamlardan ham ko‘rinib turibdi. Fikrimcha, toza havo bilan nafas olgan holda sog‘lom turmush kechirish har qanday moddiy qiymat bilan o‘lchab bo‘lmas ne’matga aylanib bormoqda.

Bugun Konstitusiyamizga kiritilayotgan o‘zgartirishlar jarayonida atmosfera havosining tabiiy tarkibini saqlash, atmosfera havosiga zararli kimyoviy, fizikaviy, biologik va boshqa xil ta’sir ko‘rsatilishining oldini olish hamda kamaytirish, atmosfera havosini muhofaza qilish maqsadida Bosh qomusimizning 55-moddasiga “atmosfera havosi”ni umummilliy boylik sifatida e’tirof etgan holda undan oqilona foydalanish va davlat tomonidan muhofazasini ta’minlashni kafolatlash yuzasidan normani kiritishimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Ibratjon KARIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi Gidrometerologiya xizmati markazi

Bosh direktori o‘rinbosari


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!