Harbiy gospitalda ilk bor buyrak transplantasiya amaliyoti o‘tkazildi

A A A
Harbiy gospitalda ilk bor buyrak transplantasiya amaliyoti o‘tkazildi

Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalida ilk bor buyrak transplantasiya amaliyoti o‘tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti xabar berdi.

Shuhrat Ziyotov — Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. 18 yildan ortiq vaqt davomida harbiy xizmatda bo‘lgan. 2018 yili sog‘ligida muammo kuzatilgach, zaxiraga o‘tkazilgan. O‘tgan vaqt davomida buyrak yetishmovchiligi xastaligi sabab, turli tibbiy muolajaalarni o‘tkazgan. Sog‘ligi yaxshilanavermagach, Mudofaa vazirligi rahbariyatiga ko‘mak so‘rab murojaat qilgan.

Vazirlik tomonidan tezkor amaliy yordam berish choralari ko‘rilgan. Akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashgan jarrohlik markazi mutaxassislari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tekshiruv-diagnoz natijalariga ko‘ra, buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini o‘tkazish zarurligi aniqlangan. Shuhrat Ziyotovning turmush o‘rtog‘i donor bo‘lishga tayyorligini bildirgan.

— Turmush o‘rtog‘imning salomatliklari menga hamma narsadan muhim, oilamiz baxtiga tezroq tuzalib ketsalar, menga shu yetarli — deydi Mushtari Murodova. — 3 nafar farzandimiz bor. Men kelajagimizni turmush o‘rtog‘im bilan birga ko‘rishni xohlayman. Bizga operasiyagacha bo‘lgan vaqt davomida kerakli barcha dori-darmon, muolajalar bepul o‘tkazildi. Shifokorlarning barchalariga minnatdorchiligimni bildiraman.

— Harbiy tibbiyot tarixida ilk bor murakkab jarrohlik amaliyoti — buyrak transplantasiyasini amalga oshirdik, — deydi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali boshlig‘ining jarrohlik ishlari bo‘yicha muovini, bosh jarrohi Ulug‘bek Rasulov. — 7 soatdan oshiq vaqt davom etgan operasiya jarayoni muvaffaqiyatli o‘tdi. Hozirda ikkalalarining ham ahvoli yaxshi. Bu jarrohlik amaliyotini o‘tkazishda Mudofaa vazirligining o‘rni katta. Zarur jarrohlik asbob-uskunalari hamda dori-darmonlar bilan to‘liq ta’minlab berishdi. Qolaversa, bundan buyon bemor va donorning to‘liq tuzalib ketguniga qadar nazorat ostida bo‘ladi. Barcha kerakli muolajalar bepul ko‘rsatiladi. Yana bir muhim masalaga urg‘u bermoqchiman. Yaqin kunlar ichida harbiy gospitalimizning yangi 8 qavatlik binosi to‘liq foydalanishga topshiriladi. Shundan so‘ng bizning harbiy soha vakillari va uning oila a’zolariga tibbiy yordam ko‘rsatish bilan birga, boshqa yurtdoshlarimizga ham tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Bizga yaratilayotgan keng imkoniyatlardan foydalanib, bor bilim va salohiyatimizni ishga solishga tayyormiz.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!