“Haqiqat va taraqqiyot” sosial-demokratik partiyasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish rad etildi

“Haqiqat va taraqqiyot” sosial-demokratik partiyasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish rad etildi

Adliya vazirligi tomonidan “Haqiqat va taraqqiyot” sosial-demokratik partiyasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yuzasidan arizalar va ilova qilingan hujjatlar qonunchilikda belgilangan tartibda ikki marta o‘rganib chiqildi.

Partiyani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha hujjatlar “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida” va “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunlar talablariga rioya qilinmagan holda taqdim qilinganligi aniqlandi.

Xususan, “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasiga ko‘ra, siyosiy partiyani tuzish uchun kamida 8 ta hududiy sub’ektda (viloyatda), shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida yashayotgan hamda partiyaga birlashish istagida bo‘lgan kamida 20 000 fuqaroning imzosi bo‘lishi talab etiladi.

Biroq, partiyani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha bor-yo‘g‘i 9 873 ta imzo yig‘ilgan.

Jumladan, 2021 yil 7 apreldagi arizaga 7 675 ta (qo‘shimcha 944 ta) va 7 iyundagi arizaga 1 254 ta imzo qo‘ygan fuqarolarning ro‘yxatlari ilova qilingan.

O‘rganish jarayonida aniqlanishicha, imzolar ro‘yxatida ko‘rsatilgan shaxslarning 42 nafari vafot etgan.

Yuqorida ko‘rsatilgan imzolar partiya tuzish bilan bog‘liq bo‘lmagan holda turli sabablar asosida yig‘ilganligi sababli, imzolarni hisobga olmaslik (bekor qilish) haqida bugungi kunga qadar vazirlikka jami 2 292 ta murojaat kelib tushdi.

Shunga ko‘ra, “Haqiqat va taraqqiyot” sosial-demokratik partiyasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish rad etildi.

Shuningdek, “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasiga asosan, tashkiliy qo‘mita tuzilgan kundan boshlab uzog‘i bilan uch oy faoliyat ko‘rsatish huquqiga egaligi va shu munosabat bilan, belgilangan muddat o‘tgandan keyin tashkiliy qo‘mita o‘z faoliyatini tugatishi, imzolar yig‘ish to‘xtatilishi haqida eslatib o‘tiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!