Hadis ilmi maktabida ijodiy imtihon boshlandi
Bugun, 26 iyul kuni Samarqand viloyatida joylashgan Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun “Hadis va Mustalahul hadis” fanidan ijodiy imtihon boshlandi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda diniy soha rahbarlari va mutasaddi vakillari, imtihon oluvchi pedagog-o‘qituvchilar hamda abituriyentlar ishtirok etdi.
Tadbir an’anaga ko‘ra Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar ila boshlandi. Dastlab Oliy maktab rektori Olimxon domla Yusupov qabul imtihonlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari, imtihon jarayonida abituriyentlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekovlar qabul imtihonlaridan eng asosiy maqsad abituriyentlarning eng bilimli va zukkolarini saralab olish ekani, shu bois imtihonlarni shaffof, ochiq va oshkora o‘tkazishga alohida e’tibor berilishi zarurligini qayd etdi.
So‘ngra Diniy idora Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi mudiri Salohiddin Sherxonov abituriyentlarga ijodiy imtihoni o‘tkazish tartib-qoidalari va baholash mezonlarini tushuntirdi. Keyin qabul hay’ati a’zolari, abituriyentlar va ota-onalar guvohligida imtihon biletlari solingan va muhrlangan maxsus qoplar ochilib, imtihon jarayonlari boshlandi.
Eslatib o‘tamiz, shu yil 10 iyul kunidan boshlab Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun “Arab tili”, “Hadis istilohlari”, “Hadis sharhlari” va “O‘zbekiston tarixi” fanlari bo‘yicha masofaviy tayyorlov kursi tashkil etildi. Unda ijodiy imtihon va test sinovlarini o‘tkazish tartib-qoidalari tushuntirib borildi.
Ma’lumot uchun, ertaga, 27 iyul kuni “Arab tili” va “O‘zbekiston tarixi” fanlaridan test sinovlari o‘tkaziladi.
Bugungi ijodiy imtihon ochiq va shaffof tarzda o‘tkazilmoqda. Mazkur jarayonni quyidagi linklar orqali onlayn kuzatishingiz mumkin:
1 Youtube:👇 https://youtube.com/live/KL_9CgU0ayo?feature=share
🔴 LIVE 2 Youtube:👇 https://youtube.com/live/04NZJP1E_OI?feature=share
🔴 LIVE Facebook:👇 https://fb.me/e/3O3cg3ebz?mibextid=RQdjqZ
🔴LIVEZoom:👇https://us06web.zoom.us/j/87574287131?pwd=MWk2ZjlHcTBCbUlzZXMxL0hwS1BFZz09
