Gruziya NATOga kirishga to‘liq tayyorligini ma’lum qildi

Gruziya NATOga kirishga to‘liq tayyorligini ma’lum qildi

Gruziya bosh vaziri Georgiy Gaxariya uning mamlakati G‘arb davlatlari va NATO bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishini ma’lum qildi. 

“Biz strategik yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorligimizni rivojlantirishni davom ettiramiz – bu NATO, AQSh va Yevropa Ittifoqi. Bugun Gruziya NATOga kirishga to‘liq tayyor. Buni hamkorlarimiz ko‘rib turishibdi va qadrlashadi. Biz bu jarayonni albatta oxirigacha olib boramiz”, – dedi Gaxariya Rossiya va Gruziya o‘rtasida bo‘lib o‘tgan besh kunlik urishning 12 yilligiga bag‘ishlangan nutqida. 

Uning ta’kidlashicha, Yevroatlantika integrasiyasi va mamlakatning tinch taraqqiyoti Gruziyaning hududiy yaxlitligini tiklashning majburiy shartidir. 

2008 yilda Rossiya prezidenti bo‘lgan va harbiy operasiya boshlash haqidagi qarorni qabul qilgan Dmitriy Medvedev esa ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Gruziya hukumatning Abzaxiya va Janubiy Osetiya aholisiga nisbatan harakatlarini jinoyat deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya Federasiyasi Abxaziya va Janubiy Osetiyani Gruziyaning agressiyasidan himoya qilgan, ularning mustaqilligini tan olgan.    

Rossiya va Gruziya o‘rtasida 2008 yilning 8-12 avgust kunlari yuz bergan harbiy harakatlarda jami 850 chog‘li kishi halok bo‘lgan. O‘ttiz mingga yaqin gruzin hali ham Janubiy Osetiyaga qayta olmayapti.  

Urush Yevropa Ittifoqining va shaxsan Nikolya Sarkozining aralashuvi bilan to‘xtatib qolingan. U Dmitriy Medvedev bilan birga tinchlik bitimi loyihasini ishlab chiqqan. Rossiya haligacha mazkur bitimning bir punktini bajargani yo‘q – Abzaxiya va Janubiy Osetiyadan askarlarini olib chiqmayapti. 

Bundan tashqari, Moskva har ikki hududni “suveren davlat” sifatida tan olgan. Abxaziya va Janubiy Osetiyaning mustaqilligini Rossiyadan tashqari faqatgina Nikaragua, Venesuela, Nauru va Suriya tan olgan. Xalqaro hamjamiyat esa Abxaziya va Janubiy Osetiyani hali ham Gruziyaning bir qismi deb hisoblaydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!