Google Play ham App Store ortidan Max va VK ilovalarini o‘chirdi
Rossiya davlat messenjeri Max va VK ilovalari Google Play'dan olib tashlandi.
Google Play ilovalar do‘koni Rossiyaning davlat messenjeri Max («Maks») hamda VKontakte (VK) ijtimoiy tarmog‘i ilovasini o‘chirdi. Bu haqda VK kompaniyasi ma’lum qildi. Shu bilan birga, avvaldan o‘rnatilgan ilovalar va servislar hech qanday cheklovsiz ishlashda davom etmoqda.
VK ma’lum qilishicha, mazkur ilovalarni RuStore, Huawei AppGallery, Samsung Galaxy Store, Xiaomi GetApps va Android uchun boshqa ilovalar do‘konlari orqali o‘rnatish mumkin.
Shuningdek, Google Play'dan Rossiyaning «Odnoklassniki» ijtimoiy tarmog‘i va Mail.ru elektron pochta xizmati ilovalari ham yo‘qoldi. Ularni qidirishga urinilganda «Ilova mavjud emas» degan xabar chiqmoqda.
Iyun oyi boshida Max messenjeri App Store'dan ham olib tashlangan edi. Apple bu qarorni xalqaro sanksiyalar to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya qilish bilan izohlagan.
Kreml esa mazkur qarordan so‘ng App Store'ning ishonchliligi va uning tijorat xizmatlari yetkazib beruvchisi sifatida qay darajada ishonchga loyiq ekani haqida savollar tug‘ilishini bildirgan.
13 iyul kuni Yevropa Ittifoqi VK xoldingi va uning tarkibiga kiruvchi, Max messenjerini ishlab chiqqan «Kommunikasionnaya platforma» kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy etdi.
Evropa Ittifoqi Kengashi bayonotiga ko‘ra, ushbu kompaniyalar Rossiyada fuqarolik jamiyati va demokratik muxolifatni bostirishga texnik yordam ko‘rsatadi.
Bayonotda ta’kidlanishicha, Max messenjeri keng ko‘lamli kuzatuv imkoniyatlariga ega bo‘lib, boshqa ilovalar haqida ma’lumot to‘plashi, foydalanuvchilar kontaktlarini nazorat qilishi, ularning joylashuvini aniqlashi va avtonom yangilanishlarni o‘rnatishi mumkin.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi Kengashi Max Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) nazorati ostida yaratilganini, uni davlat miqyosida joriy etish esa mustaqil ilovalarni bloklash, VPN xizmatlarini cheklash va repressiv choralar bilan birga olib borilganini ma’lum qildi.
