Germaniyada xususiy klinikalarga koronavirusga qarshi emlash uchun ruxsat berildi

Germaniyada xususiy klinikalarga koronavirusga qarshi emlash uchun ruxsat berildi

Germaniyada mart oyining oxiridan boshlab vaksinasiya nafaqat maxsus emlash markazlarida, balki xususiy tibbiy klinikalarida amalga oshiriladi. Bu haqda Bild gazetasiga tayanib «Korrespondent.net» xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, Germaniya hukumati aholini tezroq emlash uchun shunday qarorga keldi.

«Bu ilgari joriy qilingan emlash ketma-ketligiga ta’sir qilmaydi», — deyiladi Bild gazetasi xabarida.

Hozirgacha Germaniyaning 5 foiz aholisi vaksinasiya qilindi. Emlanganlarning aksariyatini qariyalar va nogironlar uyi xodimlari hamda u yerda yashovchilar tashkil qiladi. Ushbu ko‘rsatkichlar qattiq tanqid ostiga olindi, natijada emlash vakolatlarini oddiy shifokorlarga topshirish zarurati paydo bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, Germaniyada ommaviy emlash dekabr oyi oxirida boshlangan edi. Aholini emlash uchun har kuni, taxminan, 170 000 doza vaksina ishlatilyapti. BioNTech, Pfizer, Moderna va AstraZeneca kompaniyalarining vaksinalaridan foydalanilyapti.

Shuningdek, Germaniyada karantin 28 martgacha uzaytirildi, lekin federal hududlarga cheklovlarni yumshatish borasida mustaqil qaror qabul qilish uchun ruxsat berildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!