Germaniyada birinchi uchuvchisiz elektr yuk mashinasi Lidl tomonidan yo‘lga chiqarildi

Germaniyada birinchi uchuvchisiz elektr yuk mashinasi Lidl tomonidan yo‘lga chiqarildi

Supermarketlar tarmog‘i Lidl tovarlarni yetkazib berishda avtonom yuk mashinalaridan foydalanishni rejalashtirmoqda. Pilot loyiha Gessen federal yeridagi Edermyunde shahrida boshlandi.

Germaniya Federal avtomobil transporti boshqarmasi (KBA) mamlakatda ilk bor «yuqori darajada avtomatlashtirilgan» transport vositasini ekspluatasiyaga ruxsat berdi, deb xabar berdi Lidl.

Avtomobil Shvesiyaning texnologik kompaniyasi Einride tomonidan ishlab chiqarilgan. U haydovchisiz harakatlanadi, ammo zarurat tug‘ilganda operatorlar transport vositasini masofadan turib boshqarishi mumkin. Tashqi ko‘rinishi jihatidan robotlashtirilgan elektr mashinasi an’anaviy yuk mashinasidan ko‘ra o‘z-o‘zidan harakatlanadigan konteynerga ko‘proq o‘xshaydi.

Sinov davomida yuk mashinasi kuniga uch marta taqsimlash markazidan Lidl do‘koniga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib beradi. Marshrut uzunligi taxminan 400 metrni tashkil etadi.

Kelajakda kompaniya haydovchilar yetishmasligi muammosini uchuvchisiz yuk mashinalari yordamida hal qilishni rejalashtirmoqda. Biroq hozirgi sinov bosqichida elektr yuk mashinasi kuzatuv avtomobili hamrohligida harakatlanishi kerak.

2016 yilda tashkil etilgan Einride startapi ma’lum qilishicha, shunga o‘xshash sinov loyihasi yoz faslidan beri AQShning Ogayo shtatida ham amalga oshirilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!