Germaniyada 350 ming nafar o‘smir ijtimoiy tarmoqlarga qaram hisoblanadi

Germaniyada 350 ming nafar o‘smir ijtimoiy tarmoqlarga qaram hisoblanadi

Mamlakatda bolalar va o‘smirlarni ijtimoiy tarmoqlar ta’siridan himoya qilish bo‘yicha yangi cheklovlar muhokama qilinmoqda.

Germaniyada bolalar va o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash masalasi muhokama qilinmoqda. Mamlakat ta’lim vaziri Karin Prin 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan mustaqil foydalanishini qonun yo‘li bilan cheklash tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Bu tashabbus xavotirli statistika ortidan ilgari surildi. Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, Germaniyada qariyb 1,5 million nafar yoshlar ijtimoiy tarmoqlardan muammoli darajada foydalanmoqda, shundan taxminan 350 ming nafari mediaga qaram deb baholanadi.

«Raqamli dunyoda bolalar va yoshlarni himoya qilish» bo‘yicha ekspertlar komissiyasi platformalarni foydalanuvchilar yoshini yanada ishonchli tekshirishga, voyaga yetmaganlar uchun xavfsizlik sozlamalarini avtomatik ravishda yoqishga hamda bolalarni zararli kontentdan samaraliroq himoya qilishga majburlashni taklif qildi.

Tavsiyalar qatorida yettinchi sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilar uchun maktablarda mobil telefonlardan foydalanishni taqiqlash taklifi ham bor.

18 yoshli Leni bu choralarni shaxsiy tajribasiga tayanib qo‘llab-quvvatlamoqda. Uning aytishicha, bir necha yil avval TikTok va YouTube'da kuniga o‘n soatgacha vaqt o‘tkazgan, bu esa oilasi bilan muloqotining kamayishi va o‘qishdagi natijalari yomonlashishiga olib kelgan. Hozirda u ekran qarshisida o‘tkazadigan vaqtini ongli ravishda cheklab, internetda kuniga taxminan besh soat bo‘ladi.

Mutaxassislar muammo faqat ijtimoiy tarmoqlar bilan cheklanmasligini ta’kidlamoqda. O‘smirlar orasida pornografik kontentga qaramlik va internetda nazoratsiz xarajatlar qilish holatlari ham ko‘paymoqda. Ekspertlar ma’lumotiga ko‘ra, ayrim 17 yoshli foydalanuvchilar raqamli xizmatlar va onlayn to‘lovlar sabab minglab yevro miqdorida qarzdor bo‘lib qolmoqda.

«O‘smirlar virtual dunyodan panoh izlamasligi uchun haqiqiy hayotni yanada jozibador qilish kerak», — dedi mediaqaramlikning oldini olish bo‘yicha mutaxassis Andreas Pauli. Uning fikricha, jonli muloqot, sport va yangi taassurotlar raqamli qaramlikka qarshi eng samarali himoya vositalaridan hisoblanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!

Yaponiya aholisini jadal sur’atda yo‘qotmoqda

Мамлакат фуқаролари сони 42 йил ичида биринчи марта 120 миллиондан камайди, туғилиш кўрсаткичи эса тарихий минимумни янгилади

Husanovning do‘sti rekord narxga transfer qilindi