Germaniya fuqarolari jiddiy saylov arafasida

Germaniya fuqarolari jiddiy saylov arafasida

Germaniya fuqarolari yakshanba kuni muhim federal saylovida ovoz berish uchun saylov uchastkalariga keladilar. Lekin, afsuski, bu galgi saylovda qariyb yigirma yil ichida birinchi marta ularning uzoq yillik yetakchisi nomzodlar qatorida bo‘lmaydi.
Kansler Angela Merkel 2005 yilda ushbu lavozimni egallagan edi. Shundan buyon u Yevropada barqarorlik ramzi bo‘lib kelayotgandi.

Angela Doroteya Merkel Gamburgda protestant ruhoniy va o‘qituvchi oilasida tug‘ilgan. Lekin uning yoshligi o‘sha vaqtdagi Germaniya demokratik respublikasida kechgan. Angela Merkel Leypsig universitetining fizika fakultetini 1978 yilda tomomlagan. 1986 yilda fizika bo‘yicha doktorlik dissertasiyasini himoya qilgan.

Germaniya kansleri rus tilida yaxshi gapira oladi. U o‘quvchi paytida hatto, rus tili bo‘yicha maktab Olimpiadasi g‘olibi ham bo‘lgan.

Angela Merkelning siyosiy faoliyati Berlin devorining qulashi bilan boshlangan. 1989 yilda u Demokratik uyg‘onish tashkilotiga a’zo bo‘ladi. Shundan keyin u Germaniyada turli lavozimlarda muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatdi. Merkelning qat’iyatligi, mehnatsevarligi Germaniya hukumati rahbari bo‘lganida yanada yaqqol namoyon bo‘ldi. Shu bois ham u kanslerlik lavozimida uzoq vaqt qola olgan sanoqli siyosatchilardan hisoblanadi.

Darhaqiqat, Angela Merkel kanslerlik faoliyati davomida populizm to‘lqinlariga, moliyaviy inqirozga, pandemiyaga bardosh berib, dunyodagi eng muvaffaqiyatli ayol rahbar sifatida shuhrat qozondi.

Ammo 67 yoshli Merkel yakshanba kuni bo‘lib o‘tadigan ovoz berish natijalari aniq bo‘lgach, o‘z lavozimini tark etadi. Bu esa hafta oxirida bo‘lib o‘tadigan saylovda ba’zi noaniqliklarga sabab bo‘lmoqda.

Xususan, "2017 va 2013 yillarda bo‘lib o‘tgan saylovlarda olingan ovozlar bilan taqqoslaganda, bu galgi saylovdan keyin Germaniya siyosatida sezilarli o‘zgarishlar bo‘lishi ehtimoli ko‘proq", - deydi Chatham House Xalqaro tahlil markazining tadqiqotchisi Pepijn Bergsen.

Xullas, Germaniyada Merkelning vorisi bo‘lish uchun kurash juda qizg‘in kechmoqda. Lekin yakuniy g‘olib saylov uchastkalari yopilganidan keyin bir necha kun o‘tib ma’lum bo‘ladi. Nemislar birinchi marta Merkeldan keyingi Germaniya qanday bo‘lishini hal qilishadi. Zero, Merkelxonim mamlakat ichida ham, xorijda ham katta nufuzga ega siyosatchi sifatida tanilgan, shu bois Germaniya siyosatida uning o‘rni hali uzoq bilinib tursa kerak. Nima bo‘lganda ham, nemislar hademay uning vorisi to‘g‘risida qaror qabul qilishlari kerak.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!