Fuqarolardan uy-joy solig‘ini uch karra undirish to‘xtatiladi

Fuqarolardan uy-joy solig‘ini uch karra undirish to‘xtatiladi

Aholiga qulaylik yaratish va fuqarolarning ijtimoiy jihatdan qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash maqsadida Adliya vazirligi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida” Qonun loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga quyildi.

Unga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvardan 2023 yil 1 iyungacha bo‘lgan davrda jismoniy shaxslardan, ya’ni yer uchastkalaridan hujjatlarsiz yoxud yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanib kelayotgan fuqarolardan soliq stavkalarining uch baravari miqdoridagi soliqlarni (Soliq kodeksining 437-moddasi to‘qqizinchi qismi) undirmaslik nazarda tutilmoqda.

Qayd etish kerakki, 2020 yil 1 yanvardan bugungi kunga qadar fuqarolar tomonidan soliq stavkalarining uch baravari miqdoridagi soliqlarni to‘lab kelayotgan bo‘lsalar, keyinchalik to‘langan soliq summalari Soliq kodeksiga muvofiq qayta hisob-kitob qilinishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, yer uchastkalaridan hujjatlarsiz yoki mavjud hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanib kelayotgan fuqarolardan soliq undiruvi endilikda Soliq kodeksining 437-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan umumiy tartibda amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda, deb xabar beradi Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!