Fransiyada prezidentlik saylovlari sanasi ma’lum bo‘ldi
Fransiyada 2027 yilda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari muddatlari belgilandi. Saylovning birinchi turi 2027 yil 18 aprelda, ikkinchi turi esa 2 mayda o‘tkaziladi.
Bu haqda Fransiya matbuoti hukumatga yaqin manbalariga tayanib xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ketma-ket ikki muddat prezidentlik lavozimini egallagani sababli, bu safar o‘z nomzodini qayta qo‘ya olmaydi.
Fransiyada prezidentlik saylovlari ikki turdan iborat. Agar birinchi turda nomzodlarning hech biri 50 foizdan ko‘p ovoz to‘play olmasa, eng ko‘p ovoz olgan ikki nomzod ikkinchi turda kurashni davom ettiradi.
2027 yilgi prezidentlik saylovlarida o‘ta o‘ngchi «Milliy birlik» (RN) partiyasi raisi Jordan Bardella asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rilmoqda. Jamoatchilik fikri so‘rovnomalariga ko‘ra, uning birinchi turdan muvaffaqiyatli o‘tib, saylov favoritlaridan biriga aylanishi kutilyapti.
«Milliy birlik» partiyasining parlamentdagi fraksiyasi rahbari Marin Le Penning nomzodi esa korrupsiya ishi bo‘yicha sudlangani va unga qo‘yilgan 5 yillik siyosiy faoliyat taqiqi yuzasidan apellyasiya jarayoni qanday yakunlanishiga bog‘liq bo‘ladi. Ushbu ish bo‘yicha yakuniy qaror 7 iyul kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.
Shuningdek, sobiq ichki ishlar vaziri Bruno Retayo va Fransiyaning sobiq prezidenti Fransua Olland ham prezidentlikka nomzodi ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan siyosatchilar sirasiga kiradi.
