Fonogrammada qo‘shiq aytishni taqiqlash qonunchilik talablariga mos kelmaydi

Fonogrammada qo‘shiq aytishni taqiqlash qonunchilik talablariga mos kelmaydi

Avvalroq, Farg‘ona viloyatida fonogrammada qo‘shiq aytish hokim tashabbusi bilan taqiqlangan edi.

Ushbu vaziyatga Madaniyat vazirligi munosabat bildirdi.

«Avvalo, Farg‘ona viloyati hokimligining madaniyat va san’at sohasini yangi bosqichga olib chiqish jarayoniga hissa qo‘shish maqsadida bir qator tashabbuslarni ilgari surgani e’tiborga loyiq. Xususan, viloyatda bayram tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh tuzish, guruh tarkibiga viloyat madaniyat boshqarmasi mas’ullari, teatrlar rahbarlari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, taniqli san’atkorlar va ijodkorlar kiritilishi, hududda o‘tkaziladigan bayram tadbirlari uchun yangi g‘oyalar, dasturlar, takliflarni o‘rtaga tashlab, biri boshqasini takrorlamaydigan ssenariylar ishlab chiqishga mas’ul bo‘lishi xalqimizga taqdim etiladigan madaniy-ma’rifiy tadbirlar saviyasini yanada oshirish nuqtai nazaridan muhim hisoblanadi.

Biroq viloyat bayram tadbirlarida fonogrammada qo‘shiq aytishni taqiqlash borasidagi tashabbus amaldagi qonun hujjatlari talablariga mos kelmaydi.

Albatta, Madaniyat vazirligi doimo jonli ijro tarafdori bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Lekin biz fonogrammani taqiqlash evaziga emas, balki jonli ijroni rag‘batlantirish, san’atkorlarni qo‘llab-quvvatlash hisobiga uni yanada keng ommalashtirish istagidamiz.

Zero, Prezidentimizning «Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2020 yil 26 maydagi Farmoniga asosan davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda to‘liq jonli ijro asosida o‘tkazilgan konsert dasturlari uchun ijara to‘lovidan 50 foiz chegirma berish tartibi joriy etilgani ham bejiz emas. Bugungi kungacha ko‘plab san’atkorlar ushbu imtiyozdan foydalandi va foydalanmoqda. Qolaversa, mazkur rag‘bat boshqa qo‘shiqchilarning ham jonli ijroga bo‘lgan xohish-istagini kuchaytirmoqda.

Fonogrammadan esa, masalan, televideniye uchun tasvirga olinadigan loyihalar, konsert dasturlari, bayram tadbirlarida sifatni ta’minlash maqsadida rejissyor talabi bilan ayrim o‘rinlarda foydalaniladi. Bunday yondashuv rivojlangan davlatlarda ham mavjud.

Shu jihatdan Farg‘ona viloyati hokimligidan hududda bo‘ladigan bayram tadbirlarida fonogrammada qo‘shiq aytishni taqiqlash emas, balki jonli ijrochilarni rag‘batlantirish, ularga yanada kengroq imkoniyat berish pozisiyasidan kelib chiqib yondashishni so‘rab qolamiz», - deyiladi vazirlik xabarida.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!