Fojia! Farg‘onalik yigit otasi bilan birga tog‘asini vahshiylarcha o‘ldirib, hojatxonaga ko‘mib yubordi

Fojia! Farg‘onalik yigit otasi bilan birga tog‘asini vahshiylarcha o‘ldirib, hojatxonaga ko‘mib yubordi

O‘sha kuni sexga yangi ishga kirgan Azamat ishdan sovuqqotib, junjikib uyga kirib keldi. Onasi Munojotxon opa o‘zi kasal bo‘lishiga qaramay darhol o‘g‘lini yotqizib, orqasiga paxta yog‘idan surib, ko‘rpaga o‘rab yotqizib qo‘ydi.

Qo‘qon shahrining “Quduqli-3 tor ko‘chasi”da, bor-yo‘g‘i 3,5 sotixli tor hovlida yashovchi bu oilaning sharoiti haminqadar. Munojotxon opa necha yildirki kasal, uydan chiqolmaydi. Eri Yodgor yollanma ishchi. Yaxshiki, o‘g‘li Azamat yaqinda muqim ish topdi. Bu esa voyaga yetmagan qizchasi bor oilaning qora qozoni kunda bo‘lmasa ham kunora qaynashiga yaxshi sabab bo‘lishi mumkin, deb onasi xursand bo‘layotgandi.

Biroq, qachonlardir rahmatli onasi qizi Munojotxon eri, bolasi bilan “dom”dagi bir xonali tor uyda qolib ketayotganidan afsuslanib, o‘ziga qarashli hovlini teng ikkiga bo‘lib, bir qismini kenja o‘g‘li Alisherga, bir qismini qizi Munojotxonning oilasiga xatlab bergandi. Lekin onasidan keyin Alisher spirtli ichimlik ichishga ruju qo‘yib, ishlamay, oilasidan ajrashdi. So‘ng Beshariq tumanidan yaxshi bir ayolni topib, olib berishgan edi, bu xotin ham ketib qoldi.

Xullas, Alisherning yemoq-ichmog‘i ham opasi Munojotxonning uyidan bo‘lib qoldi-yu, ko‘p nasihatlarga qaramay Alisher sira o‘zini o‘nglay demasdi. Devor-darmiyon qo‘shni bo‘lib yashayotgan Alisher kunda mast, opasining uyiga chiqib, vaqti kelsa hovlini boshiga ko‘taradi. Ammo Munojotxon opaning oilasidagilar noiloj chidashadi. Axir aytadilar-ku, bu barmog‘ingni tishlasang ham o‘zingniki, boshqasini tishlasang ham o‘zingniki, baribir og‘riydi, deb.

Kechasi tun yarimlayotgandi. Kutilmaganda devor ortida mast-alast yurgan Alisher pochchasi Yodgor Xoliqovga eshittirib:

– Azamatni chaqiring, mening telefonimni telegramga sozlab bersin, – deya baqira boshladi.

Yodgor devor yaqiniga kelib, jiyani Azamat mazasi bo‘lmay uxlayotganini, telefonini ertalab sozlab berishi aytgandiki, Alisher pastakkina devor oshib, gupp etib bu tarafga irg‘ib tushdi va:

– Azamatni tez uyg‘oting, – deya buyruq qildi.

Ukasi yana ichib kelib, devor oshib hovliga tushganini bilgan Munojotxon opa tashqariga chiqdi. Alisher gap uqadigan darajada emas edi. U oshxonaga kirib, divanga cho‘zilib yotib oldi.

– Bilasanlarmi senlar, – deya odatdagidek “va’z” o‘qiy boshladi u opasi va pochchasiga qarata. – Bu hovlini senlarga men ajratib berganman. Sen esa ichkuyovsan. Ichkuyov ekaningni esdan chiqarma, o‘tirgan uylaring menga tegishli, – deb pochchasi Yodgorga qo‘lini bigiz qildi.

Bu gapni eshitgan Yodgorning yuziga qon tepdi, oriyati qo‘zidi. Lekin osmon uzoq, yer qattiq. Ichkuyov ekanligi to‘g‘ri. Nima qilsin, oilaviy sharoiti shundaqa bo‘lsa?

Hovlidagi to‘polonni eshitib, uyda o‘ranib yotgan Azamat oshxonaga chiqib keldi. Azamat tog‘asidan telefonini olib chiqishini va shu yerda to‘g‘rilab berishini aytdi. Alisher hovliga chiqib, opasiga “O‘g‘lingizni qo‘rqoq, qizlarga o‘xshatib tarbiyalayapsiz”, deb gapirgan edi, opasi ukasiga qarata “O‘g‘limni tarbiyasiga til tekkazma!” deb baqirib berdi. So‘ng esa pochchasi Yodgorga “Senga o‘zim uy berganman, ichkuyov”, deb yana uni kamsita boshladi. Bu gaplarning hammasini oshxonada turgan Azamat baralla eshitib turardi. Tog‘asining haqoratu dashnomalari boshidan ham oshib ketganini sezgan Azamat tog‘asini o‘zining yotoqxonasi oldidagi oshxonaga olib kirib, divanga o‘tqazdi. Alisher jiyani Azamatga onasi Munojotxonning avvalgi hayotini gapirib, bir xonali uyda yashagani, onasi yaxshilikni bilmasligini aytib, divanga yotib oldi. Dadasi Yodgor ularning oldiga kirib, tog‘asiga uyiga kirib yotishini aytgandiki, u “Tiling chiqib qolibdimi, ichkuyov” deb yana haqoratlab, bir ozdan so‘ng “uchib” uxlab qoldi. Qoni qaynab, o‘zini bosolmayotgan Azamat hovliga chiqqanida onasi xavotir olib turganini ko‘rib, unga tog‘asini o‘ldirishini, qachongacha ularni kamsitib, haqorat qilishini aytganida, onasi uni bu mudhish yo‘ldan qaytardi. Bunday qilmasligini aytib, yig‘ladi. Keyin dadasiga “Tog‘am sizni ham ichkuyov deb qancha haqorat qiladi?” deb aytar ekan, xayolan “Qachongacha mana shunday haqoratu dag‘dag‘alarga ko‘nib yashashimiz mumkin? Buning oxiri bormi?” deya behad achchiqlana boshladi. Shunda… Nogahon mana shu tog‘asi Alisherni o‘ldirib, undan tez-tez eshitadigan haqoratu dashnomlardan birato‘la qutulib qo‘ya qolishdek mudhish o‘y kallasidan chiqib ketmayotgandi. Va tog‘asi Alisherning haqoratlaridan to‘yib, miyasidagi dahshatli o‘y qat’iylashib borayotgandek edi. Onasi bilan singlisini uy ichiga kiritib yuborgach, Azamat dadasiga bir qaradi-yu, miyasiga qattiq o‘rnashib qolgan o‘sha dahshatli gapni dadil aytdi:

– Dada, tog‘amni o‘ldirib qo‘ya qolaylik. Qachongacha…

– Yo‘q, – dedi dadasi.

Ammo tilida aytgan “Yo‘q” degan bu so‘zni dili “Ha” deb tasdiqlayotgandek edi. Chunki qaynog‘asi Alisher tomonidan doimiy tarzda Yodgorning “ichkuyovsan” deb xo‘rlanishi “Ha” deyishga majburlayotgandi. Ota-bola avvaliga biroz tortishishdi. Biroq Yodgorga o‘g‘li Azamatning tog‘asi Alisher to‘g‘risida bildirayotgan fikr, mulohazalari tobora jo‘yalidek tuyula boshladi. Alhol dadasi ko‘ndi.

– Siz oyoq tomonidan bosib turasiz. Men yotgan joyida mana shu pichoq bilan bo‘g‘izlab qo‘ya qolaman, – dedi Azamat tobora vahshiylashib borar ekan.

…Mana o‘n kundan oshdiki, Azamat o‘zida emas. Uyqusiginamas, o‘ngida ham alahsiydigan aftodahol bir holatga tushdi. Onasi Munojotxon opa-ku kunu kun yig‘laydi. Dadasi Yodgor aka bir nuqtaga tikiladi, xolos. Chunki avval bo‘g‘izlanib, so‘ng qorniga pichoq sanchilgan, kallasi bolta bilan chopib, uzib olingan ukasi Alisherning qizil qoniga belanib yotganini oshxonaga chiqib qolgan Munojotxon opa o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi-da.

Oila a’zolarining barchasini dami  ichida.

Nihoyat Yodgor aka bilan Munojotxon opa o‘g‘illari Azamatning ahvoli yaxshi emasligi uchun uch-to‘rt qariyani chaqirib, eskicha qilvoraylikmi, degan fikrga kelishdi. Bu haqdagi xabar tezda yaqin qarindoshlarga yetkazildi.

Yaqin qarindoshlar kela solib Alisherning qayerdaligi bilan qiziqa boshlashdi. Ba’zilari “Paxta terib, uch-to‘rt so‘m ishlagani ketgan bo‘lsa kerak” desa, boshqa birlari Alisherning qayerdaligi to‘g‘risidagi savolga javob berishdan o‘zini olib qochib, mujmallanayotgan Munojotxonu Yodgor va Azamatning o‘xshamayotgan sa’y-harakatlaridan shubhalanib, “Mabodo o‘ldirib yuborishmadimikan?” degan gumonga ham bora boshlashdi. Chunki qo‘shnilar tugul yaqin qarindoshlar ham so‘nggi vaqtlarda Alisher ichib olib, bu oilani muttasil haqoratu dag‘dag‘alari bilan joniga tekkanini yaxshi bilishardi. Biroq shu kungacha oila a’zolari bu haqda birovga lom-lim deb og‘iz ochishmagandi.

Nihoyat yaqin qarindoshlardan biri  avval Yodgorni, so‘ng Azamatni bir chetga tortib, ne voqea yuz bergani bilan astoydil qiziqsina boshladi. Chunki, yaqin qarindoshining o‘g‘li Avazjon bu hovlidagi hojatxona taxtasi ko‘chirilgani, tuproq yangi kovlanganini aytgan. Bundan shubhalangan yaqin qarindoshi avval Munojotxon bilan yaqindan suhbatlashib, Alisherni surishtirdi. Munojotxon birdan yig‘lab yuborib, Alisherni o‘ldirib qo‘ygani, uni bir o‘zi o‘ldirib, hojatxonaga ko‘mib qo‘yganini aytdi. Bu gapga ishonib-ishonmagan yaqin qarindoshi Munojotxonning o‘g‘li Azamatni chaqirtirib, undan ham  so‘ray boshladi. Azamat tog‘asi Alisherni o‘zi o‘ldirganini tan olarkan, bu mudhish ishni tog‘asi ota-onasini haqorat qilgani sababli qilganini aytdi. Shunday qilib, Alisher o‘ldirilib, hojatxonaga tashlanib, ustidan ko‘mib yuborilgani ayon bo‘ldi. Qarindoshlar zudlik bilan bu haqda IIBga xabar berishdi…

Sud jarayonida mudhish qotillikning barcha tafsilotlari birma-bir ochilib borar ekan, sud jarayonida jabrlanuvchi, marhum Alisherning qonuniy vakili U.Nazarova marhum Ashurov Alisher kenja ukasi, sudlanuvchi Azamat Xoliqov katta opasi Ashurova Munojotxonning o‘g‘li, Yodgor Holiqov esa uning turmush o‘rtog‘i, ya’ni pochchasi  ekani, otasi yoshligida onasi bilan ajrashib, yetimlikda katta bo‘lgani, onasi 2015 yilda vafot etgani, opasi Munojotxon 2-guruh nogironi bo‘lib, sharoiti o‘ta og‘ir bo‘lgani sababli onasi hayotlik davrida o‘zi yashab kelgan xonadonning 3,5 sotix yer maydonini unga ajratib, uy-joy qilib bergani, opasi shu uyda farzandlari Azamatjon va Madinaxonlar bilan yashab kelishi, pochchasi Yodgor Holiqov yollanma ish bilan shug‘ullanishi, jiyani Azamat Holiqov endigina sexga ishga kirib, ish boshlagan bo‘lgani, ukasi Alisher Ashurov onasidan qolgan hovlida yashab, ikki marotaba turmush qurib, 2015 yilda ikkinchi turmushidan ham ajrashib ketgani va shundan beri bir o‘zi yashab kelgani, opasi Munojotxon u bilan bir devor bo‘lib yashagani sababli uni oziq-ovqat va boshqa kamchiliklaridan doimo xabar olib turgani, ukasi Alisher spirtli ichimlikni ko‘p iste’mol qilib, uyda pul bo‘lmaganida narsalarni sotib, ichib kelgani, Alisherning tarbiyasi yaxshi emasligi, bir necha marotaba juda qo‘pol so‘zlar bilan uni ham haqorat qilib janjallashgani, opasi Munojotxon va uning oila a’zolari bilan tez-tez kelisha olmay janjallashib, pochchasi Yodgor Holiqovni ichkuyov ekanini yuziga solib, mast holatda ko‘p marotaba haqorat qilganidan habardor ekani, shunday bo‘lsa-da, opasi Munojotxon unga e’tibor bermasdan ukasi Alisherning holidan xabar olib turgani, jiyani Azamat va pochchasi Yodgor ukasi Alisher Ashurovni o‘ldirganligini o‘n kundan so‘ng eshitgani, qonuniy vakil sifatida va barcha yaqinlari nomidan ukasi Alisher Ashurovning o‘limiga o‘zi sababchi bo‘lgan deb ishonch bilan aytishi mumkinligini, chunki u spirtli ichimlik ichsa, doim boshqalarga ziyon yetkazib, haqorat qilib, janjal qilib kelgani va shunday holat bir kun bo‘lishi aniq ekanligi, uning o‘limi bo‘yicha Azamat Holiqov va Yodgor Holiqovlarga hech qanday da’vosi yo‘qligi, ularga yengillik qilib, imkoniyat bo‘lsa, ochiqda jazo berilishini, chunki ularning oilaviy sharoiti juda og‘ir ekani, hozirda opasi 2-guruh nogironi bo‘lib, ishga yaroqsiz ekanligini va bir nafar voyaga yetmagan qizi bilan yolg‘iz qolganini bildirib, sudlanuvchilarga yengillik berishini so‘radi.

Biroq, har qanday jinoyat, ayniqsa qotillik jinoyati hech qachon jazosiz qolishi mumkin emas.

Dastlabki tergov organi sudlanuvchi YO.Holiqov va A.Holiqovlarning  A.Ashurovni ular yashayotgan uy-joy unga tegishli ekani, ushbu uy-joyni bo‘shatib qo‘yishlarini talab qilgani sababli uy-joyga egalik qilish maqsadida, ta’magirlik niyatida o‘ldirganlikda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “i” bandi bilan yetarli dalil va asoslarsiz  ortiqcha kvalifikasiya qilgan deb hisobladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2004 yil 24 sentyabrdagi “Qasddan odam o‘ldirishga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 14-bandida aybdorning o‘zi yoki boshqa shaxslar uchun moddiy naf ko‘rish (pul, mol-mulkni yoki unga egalik huquqini, turar joyga nisbatan va shu kabi huquqlarni qo‘lga kiritish) yoki moddiy xarajatlardan (mol-mulkni, qarzni qaytarishdan, xizmatga haq to‘lashdan, mulkiy majburiyatlarni bajarishdan, aliment to‘lash va shu kabilardan) qutulish maqsadida qasddan odam o‘ldirishi ta’magirlik niyatida sodir etilgan jinoyat sifatida (Jinoyat kodeksining 97-moddasi ikkinchi qismining “i” bandi bilan) kvalifikasiya qilinishi lozimligi haqida tushuntirish berilgan.

Dastlabki tergov hujjatlari va sudda so‘ralgan sudlanuvchilar YO.Holiqov va A.Holiqovlar, jabrlanuvchini vakili U.Nazarova, guvohlar M.Ashurova, M.Holiqova, N.Ahmedov, A.Ahmedov, O.Yusupova, M.Qo‘chqorov, M.Turg‘unboyeva va A.Parpiyevlar A.Ashurovning qasddan o‘ldirilishiga uning uy-joyiga egalik qilish uchun sodir etilmagani, voqea kuniga qadar biron marotaba A.Ashurov bilan uy-joy talashib janjallashmagani haqida ko‘rsatuv berishgan.

Bunday holatda sudlanuvchi YO.Holiqov va A.Holiqovlarni ta’magirlik niyatida A.Ashurovni o‘ldirganlikda ayblab bo‘lmaydi.

Shu sababli, sud YO.Holiqov va A.Holiqovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi  2-qismi “i” bandi bilan oqlash lozim deb hisobladi.

Sud Yodgor Holiqovga jazo tayinlashda, aybiga to‘liq iqror va qilmishidan pushaymonligi, qaramog‘ida ikki nafar farzandi bo‘lib, ularni bir voyaga yetmaganligi, oilaviy sharoiti og‘irligi, turmush o‘rtog‘i 3-guruh nogironi ekani, yashash joyidan ijobiy tavsif berilgani, muqaddam sudlanmagani, jabrlanuvchining vakilini da’vosi yo‘qligi va yengillik berish haqidagi iltimosnomasini, jinoyatni kelib chiqishiga jabrlanganning nojo‘ya xatti-harakatlari sabab bo‘lgani hamda u bilan birga farzandi ham sudlanayotganligini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qonunda nazarda tutilgan eng kam jazodan ham kamroq ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashni;

sud Azamat Holiqovga jazo tayinlashda, aybiga to‘liq iqror va qilmishidan pushaymonligi, muqaddam sudlanmagani, yoshini, oilaviy sharoiti og‘irligi, onasining 3-guruh nogironi ekani, yashash joyidan ijobiy tavsif berilgani, jabrlanuvchining vakilini da’vosi yo‘qligi va yengillik berish haqidagi iltimosnomasini, jinoyatni kelib chiqishiga jabrlanganning nojo‘ya xatti-harakatlari sabab bo‘lgani hamda u bilan birga otasi ham sudlanib, unga ham ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo tayinlanayotgani, oilasida boquvchi shaxs qolmaganligini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qonunda nazarda tutilgan eng kam jazodan ham kamroq ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashni lozim topdi.

Va sud hukmi bilan Holiqov Azamatjon Yodgorjon o‘g‘li va Holiqov Yodgor Tadjiyevich O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “i” bandi bilan oqlangan bo‘lsa-da, Azamat Holiqov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismini “v, j, p,” bandlari bilan aybli deb topilib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, 8 yil ozodliqdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sudlanuuvchi Holiqov Yodgor Tadjiyevich O‘zbekiston Respublikasi ham Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismini “v, j, p” bandlari bilan aybli deb topilib,  Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, 12 yil ozodliqdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Ha, yuqoridagi mudhish va dahshatli voqeani har bir inson o‘ylab, mulohaza qilib ko‘rishi mumkin. Chunki, har birimizning yaqinlarimiz bor, yaxshimi-yomonmi ular bilan munosabatdamiz. Shunday ekan, og‘ir kuningizda yordamini ayamaydigan yaqinlaringizni hech qachon dilini og‘ritmang. Aks holda… Shunga aytsalar kerak-da, birni ko‘rib, shukr qil, birni ko‘rib, fikr qil, deb. Zero, voyaga yetmagan farzandi bilan kasalvand holatda hovlisida yolg‘iz qolgan Munojatxon opani yaqinlari tashlab qo‘yishmaydi deb ishonamiz.

T.MIRZAYEV, jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudining sudyasi.

Qodirali AHMADALIYEV, “Qonun va ijro” gazetasining muxbiri.   


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!