Fitch agentligi Ukrainaning kredit reytingini oshirdi

Fitch agentligi Ukrainaning kredit reytingini oshirdi

Fitch xalqaro reyting agentligi Ukrainaning xorijiy valyutadagi uzoq muddatli emitenti defolt reytingini «RD» darajasidan «CC» darajasiga ko‘tardi. Shu bilan birga, agentlikning payshanba kuni o‘z saytida e’lon qilingan bayonotida qayd etilganidek, Fitch odatda «CCC+» yoki undan pastroq reytingga ega suveren davlatlar uchun prognozlarni belgilamaydi, deb yozadi TASS.

Kredit reytingining ko‘tarilishi Ukrainaning yevroobligasiyalari egalari tashqi qarzni restrukturizasiya qilishga rozi bo‘lgani bilan bog‘liq. Agentlik tahlilchilarining fikriga ko‘ra, bu «muammo bo‘lgan qarz almashinuvining yakunlanganini va cheklangan defoltni bartaraf etishni anglatadi».

«Ukrainaning yevrobondlari bo‘yicha qariyb 6 milliard dollarlik asosiy qarz va foizlar 24 oyga kechiktirildi, bu xalqaro zaxiralarning zaiflashuvi va urush xarajatlariga shoshilinch zarurat sharoitida tashqi qarzga xizmat ko‘rsatishni osonlashtirdi. Qayta tuzilishga obligasiyalar egalarining 75 foizi (umumiy asosiy qarz miqdori bo‘yicha) roziligini oldi, bu minimal talab qilingan 66,7 foizdan yuqori» — deyiladi hujjatda.

Fitch ta’kidlashicha, tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish shartlari yumshatilganiga qaramay, «CC» reytingi Ukraina moliya institutlari uchun yuqori yuk bilan bog‘liq davom etayotgan xatarlarni aks ettiradi. Agentlik tahlilchilarining fikricha, mamlakatdagi jangovar harakatlar 2023 yilgacha davom etadi, buning natijasida davlat qarzi YAIMning 100 foizidan oshadi. Bu esa, o‘z navbatida, infratuzilma va ishlab chiqarishni saqlash uchun xarajatlarni oshiradi, shuningdek, inflyasiya bosimini oshiradi, shu bilan birga, «defisitni bartaraf etish uchun moliyalashtirish manbalari noaniqligicha qolmoqda».

20 iyul kuni Ukraina Vazirlar Mahkamasi tashqi qarzlarni to‘lashni ikki yilga kechiktirish bo‘yicha qaror qabul qildi. Qaror kuchga kirishi uchun Kiyev kreditorlar bilan yangi shartlarni kelishib olishi kerak edi. Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, AQSH, Fransiya, Yaponiyani o‘z ichiga olgan Ukrainaning xalqaro kreditorlar guruhi Kiyevning qarzga xizmat ko‘rsatishni 1 avgustdan 2023 yil oxirigacha kechiktirish haqidagi iltimosini qo‘llab-quvvatladi va obligasiya egalariga ushbu talabga rozi bo‘lishni tavsiya qildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!