Firibgarlik qurboni bo‘lib qolmang

Firibgarlik qurboni bo‘lib qolmang

“Pul insonni sehrlaydi, odamlar pul topishning har qanday yo‘llarini o‘ylab topadilar.” (SH.MonteskYE).

Darhaqiqat, shiddat bilan rivojlanayotgan olamda insonlar ko‘proq pul topish bilan bir qatorda, pul topishning yangi yo‘llarini o‘ylab topmoqdalar. Kimdir halol mehnat, mashaqqat bilan topsa, yana kimdir birovning mulkiga ko‘z olaytirib, tekinga boylik orttirish yo‘lini tanlagan.

Keyingi vaqtlarda sodir etilayotgan jinoyatlar ichida “Firibgarlik” jinoyati sezilarli darajada oshgan. Ushbu jinoyat qurboni bo‘masliklari uchun fuqarolarimizga keng miqyosda tushuntirish ishlari olib borilayotgan bo‘lsada, ular baribir ushbu jinoyat jabrlanuvchisiga aylanib qolmoqdalar.

“Firibgarlik” aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiy huquqini qo‘lga kiritishdan iborat bo‘ladi. Tashqi tarafdan mulkdor tomonidan mulkni ixtiyoriy ravishda berish yoki begonalashtirish va jinoyatchiga o‘tkazish kuzatiladi. Aynan aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish mulkdorda yoki mulkning boshqa qonuniy egasida mulkni yoxud mulkiy huquqlarini jinoyatchiga o‘tkazish fikrini tug‘diradi.

Aldash deganda, mol-mulk egasi yoki mol-mulk ishonib topshirilgan shaxsning o‘zi uni firibgarga ixtiyoriy ravishda, o‘z xohishi bilan berishiga erishish maqsadida, jabrlanuvchini chalg‘itish uchun aybdor shaxs tomonidan har qanday faktni buzib ko‘rsatish yoki haqiqatni yashirish yoxud bila turib yolg‘on ma’lumotlarni xabar qilish tushuniladi.

Ishonchni suiste’mol qilish esa aybdor shaxs tomonidan o‘zganing mulkini qonunga xilof ravishda o‘z foydasiga olish uchun o‘zi va mulk egasi yoxud mulk egaligi ixtiyorida turgan shaxs o‘rtasidagi alohida, o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlardan qonunga xilof ravishda mulkni o‘z foydasiga olish uchun foydalanishi tushunilishi lozim. Odatda, ishonchga asoslangan munosabatlar firibgar va jabrlanuvchi shaxs o‘rtasida prokat, ijara, oldi-sotdi, topshiriq shartnomasi va boshqalarda vujudga kelishi mumkin. Firibgar niyatiga erishish uchun xizmat, qarindoshchilik, do‘stlik munosabatlaridan ham foydalanishi mumkin.

Masalan, fuqaro X.A. Buxoro shahar Sheyxon MFY, “Gazli shoh” ko‘chasida joylashgan “Miran” mehmonxonasida ishlab kelayotgan fuqaro N.Karimova bilan do‘stona aloqaga kirishib, u bilan bir necha kun muloqotda bo‘lib, ishonchiga kirganidan so‘ng, 2021 yil 27 noyabr kuni soat taxminan
22:10 larda o‘zining uyali telefon apparati yo‘qolganligini, uning telefonidan oila a’zolariga qo‘ng‘iroq qilib olishini, 20 daqiqadan so‘ng qaytarishini aytib, bahosi 3.000.000 so‘mlik “Samsung A-31” rusumli uyali telefon apparatini olib, xodisa joyidan yashiringan.

Shuningdek, X.A. fuqaro N.K.ning telefon apparatini qo‘lga kiritganidan so‘ng ushbu telefon apparatida sozlangan “Payme” dasturiga ruxsatsiz kirish yo‘li bilan uning nomidagi TIF “Milliy bank” AJ Buxoro filiali va “Mikrokreditbank” Buxoro filiali tomonidan rasmiylashtirilgan plastik kartochkalaridan 2021 yil 28 noyabr kunidan 2021 yil 1 dekabr kuniga qadar vaqt oralig‘ida jami 4.269.425 so‘m pullarni yashirin ravishda talon-toroj qilgan.

Mazkur holatda sudlanuvchi X.A. jabrlanuvchi bilan bir necha kun do‘stona aloqa o‘rnatib, uning uning ishonchiga kirganidan so‘ng, mulk egasi hisoblangan N.K.ga o‘zining uyali telefon apparati yo‘qolganligini, uning telefonidan oila a’zolariga qo‘ng‘iroq qilib olishini aytib, o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlardan qonunga xilof ravishda mulkni o‘z foydasiga olish uchun foydalangan.

Yana bir misolda esa, sudlanuvchi N.Sh Internetning “telegramm” ijtimoiy tarmog‘ida “Botirxon Imomxujayev Jesko aksiya” guruhini tashkil qilib, ushbu guruhga a’zo bo‘lgan K.D.ga o‘zini mazkur guruh administratori sifatida tanishtirib, guruhga boshqa ishtirokchilarni qo‘shganligi sababli unga 800.000 so‘m miqdorda yutuq chiqqanligini, agar o‘ziga tegishli bank plastik kartasi raqamini bersa, kartasiga yutuq pulini tashlab berishini aytib, shu orqali D.K.ning nomida bo‘lgan AT “Hamkorbank” Buxoro shahar filiali tomonidan ochilgan plastik kartasini maxfiy pin kodini olib, uning bank plastik kartasi tizimiga ruxsatsiz kirish yo‘li bilan kartada mavjud bo‘lgan 950.000 so‘m pullarni yashirin ravishda o‘zining hisobiga o‘tkazish orqali talon-toroj qilgan.

Ushbu holatda esa sudlanuvchi jabrlanuvchini aldab, aksiyada g‘olib bo‘lganligini va unga yutuq pullari chiqqanligini aytib, mulk manbaini o‘z xohishiga ko‘ra berishiga erishgan.

Har ikkala holatda ham shaxs o‘z qilmishini to‘g‘ri qasd bilan, o‘zining g‘arazli maqsadini amalga oshirishga harakat qilmoqda. Bunda firibgar o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida jabrlanuvchini chalg‘itayotganligini hamda bila turib ishonchini suiste’mol qilayotganligini anglab yetdi va buning sodir etilishini xohladi.

Shuni aytishimiz mumkinki, “firibgarlik” jinoyatlari va uning oqibatlari haqida ommaviy axborot vositalarida keng targ‘ibot ishlari olib borilayotgan bo‘lsada, firibgarlik jinoyati, firibgar yoki tovlamachilar qaramog‘iga ilinayotgan fuqarolarimizning soni yanada ortib bormoqda. Qolaversa, taraqqiyot yuksalib borgani sari firibgarlikning axborot texnologiyalri, internet orqali amalga oshirilayotgan turlari tez-tez uchramoqda.

Jo‘rabek Tojiyev,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudining sudyasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!