Fermerlarni so‘kkan Toshloq tuman hokimiga hayfsan berildi

Fermerlarni so‘kkan Toshloq tuman hokimiga hayfsan berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshloq tumani hokimi Abduqahhor Jo‘raboyevga mansubligi ta’kidlanib tarqatilgan, haqoratli so‘zlar ishlatilgan muloqotning audioyozuvi yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi va unga hayfsan berildi.

O‘rganish natijalari yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi:

O‘rganish davomida Toshloq tumani hokimiga mansubligi ta’kidlanib tarqatilgan audioyozuvning haqiqatdan tuman hokimi Abduqahhor Jo‘raboyevga oidligi aniqlandi. Audioyozuvda qayd etilgan muloqotning o‘tgan 2021 yil kuzida paxta yetkazib berish majburiyatlarini bajarmayotgan fermer xo‘jaliklari bilan Abduqahhor Jo‘raboyevning «Expo Kollor Prin Teks» paxta-to‘qimachilik klasteri rahbari sifatidagi muhokamasi chog‘ida yuz bergani ma’lum bo‘ldi.

Klaster tomonidan paxta mavsumi davomida uchun qilingan turli xarajatlar hamda to‘lovlar hisobiga fermer xo‘jaliklarining katta miqdorda qarzdorligi mavjud bo‘lgani hamda dalada paxta mavjud bo‘lishiga qaramay ba’zi fermerlar uni terib topshirish hisobiga qarzdorlikni so‘ndirishga harakat qilmayotgani Abduqahhor Jo‘raboyevning etikaga mos bo‘lmagan haqoratli iboralardan foydalanishiga sabab bo‘lgani tasdiqlangan.

«Viloyat hokimligi tomonidan zo‘ravonlik, so‘king‘ochlik siyosati eski davrda qolgani, hech kim birovni haqoratlashga, shaxsiyatiga tegishga haqqi yo‘qligi, rahbar har ishni qonun doirasida bajarishi kerakligi lozimligi, bugungi kun hokimi o‘z ishi bilan, so‘zi bilan, xulq-atvori bilan barchaga o‘rnak bo‘lishi shartligi qayd etiladi.

Tarqalgan audioyozuvdagi holat bir yil oldin bo‘lib o‘tgan bo‘lganiga, Abduqahhor Jo‘raboyevning undagi ishtiroki «Expo Kollor Prin Teks» paxta-to‘qimachilik klasteri rahbari sifatida bo‘lishiga qaramay, ayni paytda tuman hokimi bo‘lib turgan rahbarning bunday muomalasi davlat xizmatchisi etikasi va odob-axloq qoidalarini qo‘pol ravishda buzish deb baholandi. Viloyat hokimining tegishli farmoyishi bilan Toshloq tumani hokimi Abduqahhor Jo‘raboyevga «hayfsan» e’lon qilindi», – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, joriy yil 26-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari viloyat Kengashining «Reglament va deputatlik odobi masalalari bo‘yicha» doimiy komissiyasining viloyatdagi shahar va tumanlar hokimlari ishtirokida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishida ham hokimlarga ish faoliyatida muomala madaniyatiga yanada qat’iy rioya qilish, o‘ziga bo‘ysunuvchilarga va fuqarolarga nisbatan qo‘pollik qilmaslik, odamlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmaslik yuzasidan mas’uliyatlari qayta ko‘rsatib o‘tilgani bildiriladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!