Fazogirlarni uchirishdan maqsad nima?

Fazogirlarni uchirishdan maqsad nima?

Bugungi missiya NASA tomonidan amalga oshirildi. Ya’ni buyurtmachi davlat tashkiloti, ijrochi esa xususiy «SpaceX» kompaniyasi.

NASAning maqsadi - Xalqaro fazo stansiyasiga fazogirlarni chiqarish va u yerda olib borilayotgan tadqiqotlarni davom ettirish. Ayni paytda bu stansiyada ikki rossiyalik va bir amerikalik astronavt bor. Bugungi ikki fazogir ham ularga borib qo‘shiladi. U yerda astronavtlar kosmosning odam sog‘ligiga, turli biologik mavjudotlarga ta’sirini hamda boshqa eksperimentlarni amalga oshiradi. Bu kosmosni tadqiq qilishga bag‘ishlangan uzoq muddatli xalqaro loyihalarning bir qismi.

"SpaceX"ning maqsadi esa kosmik turizmni boshlash. Shunga imkon beradigan, ya’ni odamni kosmosga uchira oladigan kema bugun sinovdan o‘tkazildi. Hammasi muvaffaqiyatli tugasa, endi fazo turizmiga ham ruxsat beriladi. Ya’ni "SpaceX" bundan buyon oddiy fuqarolarni ham kosmosga uchirishni boshlaydi.

"SpaceX" odamlarni dastlab yer atrofida aylantirishni, Oyga uchirishni va nihoyat Marsga yuborishni rejalamoqda.

Kompaniya asoschisi Ilon Mask Marsda odamlar doimiy yashovchi koloniya yaratish eng asosiy orzusi ekanini aytgan. Unga ko‘ra, yerda sun’iy intellekt va robotlar rivojlanib ketib, insoniyat hayoti xavf ostida qolishi mumkin. Mars - odamlar qochib boradigan manzil vazifasini o‘tashi kerak. 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!