Farg‘onada shifokorlarga rag‘batlantirish pullari berilmaganmi? Oydinlik kiritildi

Farg‘onada shifokorlarga rag‘batlantirish pullari berilmaganmi? Oydinlik kiritildi

2020 yil 23 iyun kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Xalq nazorati” kanalida Oltiariq tumani Qiziltepa qishlog‘ida joylashgan “Faxriylar” sihatgohida tashkil etilgan karantin hududida xizmatga jalb etilgan shifokorlarga rag‘batlantirish pullari berilmayotgani haqida murojaat e’lon qilingan.

Mazkur murojaatga javoban Farg‘ona viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi.  

Xuddi shu masala yuzasidan Farg‘ona viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi huquqshunosi, Oltiariq tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i, Oltiariq tuman Qiziltepa “Faxriylar” sanatoriyasi bosh vrachi ishtirokida o‘rganish ishlari olib borilgan. O‘rganish natijalari yuzasidan murojaatchilarga asosli huquqiy tushuncha berilgan.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26 martdagi PQ-4652-sonli qarorida “Fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishga qo‘shayotgan ulkan hissalarini va fidokorona mehnatlarini e’tirof etgan holda, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish ishlariga jalb etilgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarni qo‘shimcha ijtimoiy va moddiy qo‘llab- quvvatlash belgilangan bo‘lib, qarorning 1-xat boshida “Koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlarni davolashda bevosita ishtirok etgan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan ob’ektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash labaratoriyalarida faoliyat olib borayotgan  tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyati uchun maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi to‘lanishi belgilangan.

Bundan tashqari, Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 30 apreldagi №20-yig‘ilish bayonining 1-ilovasi “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarni qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida” gi vaqtinchalik Nizom tasdiqlangan. Mazkur Nizomning 3-bobi, ya’ni, ”Maxsus to‘lovlarni amalga oshirish tartibi”ning 22-bandida ham kimlarga, qay tartibda qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovlari to‘lanishi aniq  yozib qo‘yilgan.

Yana shuni qo‘shimcha qilish zarurki, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 25 martdagi №82 buyrug‘ining 1 b-ilovasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolashga mo‘ljallangan shifoxonalar ro‘yxatida shakllantirilgan bo‘lib, ro‘yxatda faqatgina Farg‘ona viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi qayd etilgan, xolos.
Farg‘ona viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rag‘batlantirish pullarini qonuniy tartibda to‘lanishi ta’minlamoqda. Jumladan,  Oltiariq tuman Qiziltepa Faxriylar sanatoriyasi charter reyslari orqali karantin muddatini o‘tash uchun fuqarolarni vaqtincha joylashtiriladigan ob’ektlar qatorida ekanligini inobatga olib, bu yerda faoliyat ko‘rsatgan xodimlarga belgilangan tartibda lavozim maoshining kunlik 6 foiz miqdorida qo‘shimcha rag‘batlantirish pullarini o‘z vaqtida to‘lab berilgan.  

Ammo murojaat egalari o‘zlari karantin hududida xizmat olib borib, oylik maoshlariga qo‘shimcha 6 foizli ustama pulini olgan bo‘lishlariga qaramay, yuqumli kasalliklar shifoxonasida hayotini xavf ostiga qo‘yib, bemorlarni davolashda bevosita yuzma-yuz ishtirok etgan tibbiyot xodimlariga to‘lanadigan rag‘bat pulidan umidvor bo‘lishmoqda. 

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!