Farg‘onada rashk o‘tida yongan oshiq yigit boshqaga unashtirilgan sevgilisini pichoqladi

Farg‘onada rashk o‘tida yongan oshiq yigit boshqaga unashtirilgan sevgilisini pichoqladi

Kundalik hayotimizga nazar tashlasak, insondagi buyuk muhabbat tuyg‘usi sabab qanchadan-qancha ezguliklar amalga oshirilganiga, betakror san’at asarlari, misli ko‘rilmagan bunyodkorlik ishlari bajarilganiga guvoh bo‘lamiz. Muhabbat bilan doimo yonma-yon bo‘lgan rashk esa me’yoridan oshib ketsa, noxush va ayanchli voqealarga sabab bo‘lishi mumkin..

Shunday voqea bir necha oy avval Uchqo‘rg‘on tumanida sodir bo‘ldi.

O‘shanda 16 yoshda bo‘lgan Shahlo Orifjonova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) bundan ikki yil avval — 2018-2019 o‘quv yilida tumandagi 13-umumta’lim maktabining 11-sinfiga boshqa maktabdan kelib qo‘shilganida, sinfdoshlari uni samimiy qar­shi olishdi. Ammo istarasi issiq, tili shirin qiz hammadan oldin 10-sinfda o‘qiydigan Zuhriddin Hamidovning ko‘nglini rom etdi.

Garchi Zuhriddin 10-sinfda o‘qisa-da, qizdan bir yosh katta edi. Shu bois u yigitlarga xos dadillik bilan Shahloga dil izhori qildi. Tabiiyki, aksariyat qizlarga yigitlarning ana shu dadilligi yoqadi. SH. Orifjonova ham Z. Hamidovning munosabatini rad etmadi. Aksincha, tez orada u ham yigitga mahliyo bo‘lib qoldi.

Shundan so‘ng ikki yoshning munosabatlari kun sayin, oy sayin kuchayib boradi. Ularning birga o‘t­kazgan damlari turli ahdu paymonlar, kelajak orzulari va quyuq va’dalar bilan kechardi. Xullas, ishq dardi ikkalasining ham ko‘zini ko‘r, qulog‘ini kar qilib qo‘ygandi. Bi­roq…

Biroq 2019 yilda Shahlo maktabni tamomlagach, oshiq-ma’shuqning halovati buziladi. Negaki, qizning eshigini sovchilar taqillatib kela boshlaydi.

To‘g‘ri, Zuhriddin ham unga uylanishini doim aytib keladi. Lekin o‘zidan oldin uylanadigan akasi bor edi-da. Binobarin, yigit boyaqish chorasiz qoladi. Hatto, ota-onasiga ham qizni sevishini, unga uylanish niyati borligini aytolmaydi. Faqatgina egizak singlisi Zahro ularning munosabatidan boxabar edi, xolos.

Shunday kunlarning birida Shahloning tog‘asi Furqatjon Nizomov Zuhriddin o‘zining jiyani ortidan yurganini eshitib qoladi.

— Agar jiyanimni yaxshi ko‘rsang, niyating jiddiy bo‘lsa, sovchilaringni yubor!, — deya shart qo‘yadi tog‘a bo‘lmish.

— Mening uylanadigan akam bor. Shuning uchun hozir sovchi yuborolmayman, — deydi bunga javoban Zuhriddin.

— Unday bo‘lsa, Shahloni tinch qo‘y. Biz seni kutib, uni ikki-uch yil olib o‘tirolmaymiz.

Shundan so‘ng — o‘tgan yil dekabr oyida xonadon kattalari qizni qo‘sh­ni Namangan tumanida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan Latifjon Shermatovga unashtirib qo‘yishadi. Garchi Shahlo ham Zuhriddinni sevsa-da, onasi va tog‘asining izmidan chiqolmaydi. Ammo Z. Hamidov bilan uchrashishdan, uchrashgan kezlarida esa, ko‘z yoshidan o‘zini tiyolmaydi.

O‘z navbatida, boshqa birovga unashtirilgan qizining eski oshig‘i bilan uchrashib yurishi Mahbuba Orifjonovaning g‘ashini keltiradi. Shu bois 2019 yil 22 dekabr kuni u Zuhriddinni uyiga chaqirib, qizini tinch qo‘yishini talab qiladi. Hatto bu xususda hudud profilaktika inspektoriga ham ma’lum qilib qo‘yadi.

Bu mojarolar esa, shundog‘am o‘z yog‘iga o‘zi qovurilib yurgan Shahloning battar yuragini siqadi. Shuning uchun qiz Zuhriddinga qo‘ng‘iroq qilib, dorixonadan kuchli ta’sir etuvchi dori keltirib berishini, o‘sha dorini ichib yoki kanalga tashlab, o‘z joniga qasd qilmoqchi ekanligini ham aytadi.

Biroq yigit uni ovutib, ruhiy dalda beradi.

Shu tariqa hash-pash deguncha yangi yil kirib, yanvar oyining sovuq kunlari ham o‘ta boshlaydi. «Balki qi­zim yigitdan uzoqroqda bo‘lsa, uni tezroq unutar», deb o‘ylaydi Mahbuba opa ana shunday kunlarning birida. So‘ng onaizor 2020 yil 22 yanvar kuni Shahloni uy yumushlariga ko‘maklashish bahonasida Namangan shahridagi qarindoshi Xadicha Valijonovaning xonadoniga jo‘natib yuboradi.

Lekin uyali telefon, telegram deya atalgan bugungi kunning eng qulay aloqa vositalari oshiq-ma’shuqning ayrilig‘iga ozmi-ko‘pmi dalda bo‘lib turadi.

Oradan bir hafta o‘tib, SH. Orifjonova shahardan qaytayotganida Z. Hamidovga qo‘ng‘iroq qilib, xabar beradi.

— Uyga kelyapman, uchrashamizmi? — deb so‘raydi u.

— Albatta, — deydi Zuhriddin ham.

Shundan so‘ng Shahlo uyga yetib keladi-da, singlisi Shohista bilan ko‘kat terib kelish bahonasida ko‘chaga chiqadi. Opa-singil mahalla yaqinidagi To‘daariq kanali bo‘yiga borishadi. Ular yetib kelganlarida, Zuhriddin o‘sha yerda edi. Chunki SH. Orifjonova uydan chiqishda allaqachon Z. Hamidovga «SMS» xabar yuborgandi.

— Sen boqqa borib turaver, — deydi qiz singlisiga.

Shohista kanal bo‘ylab ketgach esa, Shahlo yana oshig‘iga dardini aytadi.

— Juda qiynalib ketdim. Baribir, biz bir-birimizga yetisholmaymiz.

U shunday deb uyidan olib chiqqan 2 do­na oshxona pichog‘iga ishora qiladi.

— Avval meni, keyin o‘zingizni o‘l­dirasiz, — deya shart qo‘yadi Zuhriddinga.

Aslida Z. Hamidov SH. Orifjonovadan xuddi shu gapni kutib turgandek edi.

Negaki, yigit so‘nggi kunlarda Shahloning Latifjon bilan birga bo‘lishini o‘ylab, rashk azobidan uxlolmay chiqayotgandi. Binobarin, qizning gapi unga eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lib tuyuladi.

Oqibatda u ikkala pichoqdan birini olib, ma’shuqasining ko‘krak qafasiga 5 marotaba ayovsiz sanchadi. Ke­yin jinoiy qilmishi huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan fosh etilgan taqdirda, go‘yoki aybini yengillashtirish uchun qo‘lidagi pichoqni o‘zining yurak sohasiga 2 marotaba urib, yengil tan jarohati yetkazadi. Ammo o‘z joniga qasd qilolmay, voqea joyidan yashirinadi.

Tasodifni qarangki, o‘sha kuni soat 16:20 atrofida Qozoqovul mahallasida yashovchi Kamoliddin Qoraboyev va Ulug‘bek Usmonov To‘daariq kanali bo‘yidan o‘tib ketayotib, qonga belanib yotgan SH. Orifjonovani ko‘rib qoladi. Ular bog‘bon Abduxalil Nurmatov bilan birga hudud profilaktika inspektoriga xabar berishadi.

Pirovardida qotil tungi soat 02:00 larda O‘ljato‘pi mahallasi qabristonida yashirinib yurgan mahali ushlandi.

Mazkur qotillik jinoyat ishlari bo‘yicha Norin tuman sudida ko‘rib chiqildi.

Sud majlisida Z. Hamidov aybiga iqrorligi barobarida, o‘z sevgilisini o‘ldirib qo‘yganidan qattiq pushaymonligini bildirdi. Shu bois sud uni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topib, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etdi.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, jabrlanuvchining qonuniy vakili M. Orifjonova sud majlisida moddiy va ma’naviy zararni undirishdan ixtiyoriy voz kechganligini ma’lum qildi. Shunga qaramay, unga kelgusida ayni masalada fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqi tushuntirildi.

Albatta, bu mudhish voqea haqida har kim har xil fikrlashi mumkin: kimdir sevgi otashida yongan oshiq-moshiqlarni qoralaydi, kimdir oqlashi ham mumkin. Haqiqat shundaki, agar kattalar, xususan, ota-onalar ularning ko‘ngliga quloq tutishib, muhabbat atalmish sof tuyg‘uga qarshi chiqmasdan, bamaslahat ish tutishganida shu fojia sodir bo‘lmasligi, aksincha, yoshlar hayotda baxtli yashashlari muqarrar edi. Bu mavzu jiddiy o‘ylab ko‘rishni taqozo qiladi. Va kimlargadir ibrat bo‘lishi ham mumkin. Zero, «Birovning xatosi — boshqaga saboq», — deb shunga aytsalar kerak.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!