Farg‘onada buvisini o‘ldirib, uyini yoqib yuborgan yigit 17 yilga qamaldi

Farg‘onada buvisini o‘ldirib, uyini yoqib yuborgan yigit 17 yilga qamaldi

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida 20 yoshli yigit o‘z buvisini o‘ldirib, jinoyat izlarini yashirish maqsadida xonadonga o‘t qo‘ygan. Unga tengdosh tanishi sheriklik qilgan.

Sud materiallariga ko‘ra, sudlanuvchi buvisining uyida katta miqdorda pul va qimmatbaho buyumlar borligini bilgan. U jinoyatdan ikki kun avval Toshkentda ishlab yurgan tanishiga qo‘ng‘iroq qilib, pul ishlab olishni taklif qilgan. Ikkisi uy egasi yo‘q vaqtda xonadonga kirib, pul va qimmatbaho buyumlarni qidira boshlagan.

Shu payt uy egasi kutilmaganda qaytib kelgan. Qarshilik ko‘rsatgan ayolga nabirasi oshxona pichog‘i bilan ko‘krak qismiga zarba bergan. Jabrlanuvchi og‘ir tan jarohati oqibatida hushidan ketgan.

Shundan so‘ng ular uydagi tilla zanjir va zirak, avtomobil monitori hamda 2 million so‘m pulni olib, voqea joyidan ketishgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, nabira keyinroq jinoyat izlarini yashirish uchun yana xonadonga qaytgan. U yoqilg‘i quyish shoxobchasidan 10 litr benzin olib, kechasi buvisining uyiga kirgan va xonadonning turli joylari hamda marhumaning jasadiga benzin sepib, o‘t qo‘ygan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buvayda tuman sudi hukmi bilan birinchi sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «p» bandi, 169-moddasi 2-qismi «g» bandi va 173-moddasi 2-qismi «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarda aybdor deb topilib, 17 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Ikkinchi sudlanuvchi esa 97-modda 2-qismi «p» bandi va 169-modda 2-qismi «g» bandi bilan aybdor deb topilib, 16 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!