Farg‘onada 19 yoshli ISHID tarafdori qo‘lga olindi

Farg‘onada 19 yoshli ISHID tarafdori qo‘lga olindi

Farg‘ona viloyatida ISHID terrorchilik tashkiloti a’zolari safiga qo‘shilish niyatida bo‘lgan fuqaro qo‘lga olindi.

Ma’lum qilinishicha, Uchko‘prik tumanida yashovchi U.M. (2003 yilda tug‘ilgan) internet tarmog‘i orqali yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishi natijasida, Suriyadagi «Islom davlati» xalqaro terroristik tashkiloti a’zolari safiga qo‘shilish maqsadida 2021 yilning aprel oyida Turkiya davlatiga borgan. Lekin u yerdan Suriya hududiga o‘ta olmagach, sentyabr oyida doimiy yashash manziliga qaytib kelgan.

So‘ngra Qo‘qon shahri va Uchko‘prik tumanida istiqomat qiluvchi yaqin aloqalaridan iborat yashirin «jamoat» tuzib, ular orasida «Islom davlati» terroristik tashkiloti g‘oyalarini targ‘ib qila boshlagan.

Aniqlanishicha, mazkur shaxs o‘zining uyali telefon apparati orqali ijtimoiy tarmoqlardagi aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan audio va video materiallarni tinglab, tomosha qilib, ularning ta’sirida «jamoat» a’zolari orasida «jihod» hamda «shahid»likka chorlovchi audiosuhbatlar olib borgan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertiza xulosasiga ko‘ra, U.M.ning uyali telefon apparati xotirasidagi ma’lumotlar o‘zining mohiyati va mazmuni, ularda ilgari surilgan g‘oyalar jihatidan O‘zbekistonda jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soluvchi materiallar sirasiga kirib, aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan hisoblanadi.

Ta’kidlanishicha, ushbu ma’lumotlarni O‘zbekistonga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi.

Hozirda U.M. va uning aloqalariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!