Evropada epidemiologik vaziyat murakkablashmoqda

Evropada epidemiologik vaziyat murakkablashmoqda

Maymun chechagi va koronovirus bilan kasallanganlar soni oshmoqda.

Maymun chechagi virusidan eng ko‘p Yevropa aholisi aziyat chekmoqda. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lum qildi.

Hozirgacha Yevropa ro‘yxatga olingan bemorlar soni dunyo bo‘yicha tasdiqlangan jami ko‘rsatkichning qariyb 90 foiziga teng. Xususan, mazkur xavfli infeksiya qit’aning 31 mamlakatida qayd etilgan.

Shu bois Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge hukumatlarni kasallikka qarshi o‘zaro sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi.

JSST vakilining ta’kidlashicha, shu kunga qadar maymun chechagidan Yevropada o‘lim holatlari kuzatilgani yo‘q. Ammo bu xotirjamlik uchun asos bo‘lolmaydi.

Chunki toshma, isitma, charchoq, bosh, tomoq va mushaklar og‘rig‘i, qusish, diareya kabi belgilar bilan namoyon bo‘layotgan mazkur xastalik geografiyasi kun sayin kengayib boryapti.

Bundan tashqari, Yevropada keyingi bir oy ichida koronavirus infeksiyasini yuqtirish holatlari ham uch barobar oshgan.

“Ayni paytda “ko‘hna qit’a”ning 53 davlatida kuniga 500 ming nafarga yaqin kishida COVID-19 aniqlanmoqda. Shu bilan birga, o‘lim ko‘rsatkichlari ham 2020 yil yoz mavsumi darajasiga yaqinlashdi: kuniga qariyb 500 kishi koronavirus tufayli hayotdan ko‘z yumyapti”, deyiladi xabarda.

JSST xulosasiga ko‘ra, aholi o‘z vaqtida, to‘liq bosqichda emlanishi, qolaversa, jamoat joylarida niqob taqib yurishi zarur.

Eslatib o‘tamiz, maymun chechagi ellikka yaqin mamlakatga tarqalib ulgurdi. Iyun oyida Ispaniya 700ga yaqin ko‘rsatkich bilan eng ko‘p maymun chechagi qayd etilgan mamlakatga aylangandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!