Evroittifoq kiberhujumlar sabab Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni joriy etdi
Evropa Ittifoqi Rossiya bilan bog‘liq deb hisoblanayotgan kiberhujumlar uchun 9 nafar shaxs va 4 tashkilotga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi Kengashi ma’lum qildi.
Bryusselning ta’kidlashicha, sanksiyaga tushganlar orasida Rossiya harbiy razvedkasi xodimlari, kiberjinoyatchilar, rossiyaparast hakerlar hamda xususiy kompaniyalar bor. Ular Yevropa Ittifoqi davlatlari va uning xalqaro hamkorlarini beqarorlashtirishga qaratilgan kiberoperasiyalarda ishtirok etganlikda ayblanmoqda.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX)ning 16-markazini ham qator kiberhujumlar uchun mas’ul deb hisobladi. Yevropa tomoniga ko‘ra, ushbu bo‘linma Turla kabi bir nechta hakerlik guruhlarini boshqaradi. Bu guruhlar Yevropa davlatlari va Ukrainadagi davlat tarmoqlari hamda muhim infratuzilmalarga qilingan kiberhujumlar bilan bog‘lanmoqda.
Evropa Ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra, kiberoperasiyalardan Fransiya, Germaniya, Polsha, Kipr, Niderlandiya, Avstriya, Slovakiya, Ruminiya va Finlyandiya jabr ko‘rgan.
Bryussel Rossiya kiberhujumlarni amalga oshirishda davlat idoralari, xususiy kompaniyalar, kiberjinoyatchi guruhlar va haktivistlardan iborat tarmoqdan foydalanayotganini iddao qildi.
