Ertaga Senatning navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tadi

Ertaga Senatning navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tadi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘qqizinchi yalpi majlisini 2022 yil 4 avgust kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Yalpi majlisni ikki kun davomida videokonferensaloqa shaklida o‘tkazish rejalashtirilgan.

Navbatdagi yalpi majlisda quyidagi masalalar ko‘rib chiqiladi.

  • “O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi,
  • “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi,
  • “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 2061-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi qonunlar.

Shuningdek, “Sudlarning faoliyati raqamlashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlarni muhokama qilish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza haqidagi axboroti muhokama etiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risidagi axboroti ham eshitiladi.

Yalpi majlisda qonunlarning ijrosi holati, huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan amalga oshirilgan monitoring natijalarini muhokama qilish nazarda tutilgan.

Senatorlar tomonidan Buxoro viloyati hokimining turizm sohasini yangi bosqichga olib chiqish hamda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish yuzasidan viloyatda olib borilayotgan ishlar bo‘yicha hisobotini ham eshitadi.

Yalpi majlisda Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda zamonaviy innovasion texnologiyalarni keng tatbiq qilish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijro etilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovini yuborish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Senatorlar yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilishning holati yuzasidan hukumatga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ham muhokama qiladi.

Yalpi majlis kun tartibi doirasida Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini ham tasdiqlash nazarda tutilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!