Eronning asosiy neft terminali 25 kundan so‘ng qayta ishlay boshladi
Eron Fors ko‘rfazidagi Xark orolining g‘arbiy terminalida 25 kunlik to‘liq tanaffusdan so‘ng neft yuklash ishlarini qayta boshladi, deb xabar beradi Tasnim agentligi.
Eron agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, terminal 12 avgustda qayta ishga tushirilgan. Sputnik tasvirlari uzunligi taxminan 333 metr bo‘lgan VLCC toifasidagi neft tankeri terminalga kelib, xom neft yuklashni boshlaganini ko‘rsatyapti. Kema 11 iyuldan buyon kutish hududida langar tashlab turgan.
Xark oroli — Eron neft infratuzilmasining asosiy ob’ektlaridan biri. Oroldagi terminallar orqali Eron neft eksportining qariyb 90 foizi amalga oshiriladi. Chuqur suvli prichal yirik neft tankerlarini qabul qilish imkonini beradi.
Tasnim agentligi Hormuz bo‘g‘ozi yaqinidagi Lark oroli atrofida ham kemalar harakati faollashganini ma’lum qildi. Agentlik keltirgan sputnik ma’lumotlariga ko‘ra, 12 avgustda ushbu hududda 35 ta neft tankeri va yuk kemasi bo‘lgan. Ikki kun avval ularning soni 28 ta edi.
Kemalarning taxminan 74 foizi identifikasiya tizimlarini o‘chirgan holda harakatlangan. Kamida 10 ta kema sanksiyalarga tushgan.
