Eronda norozilik namoyishlarida 40 dan ortiq odam vafot etdi

Eronda norozilik namoyishlarida  40 dan ortiq odam vafot etdi

Eronda o‘n birinchi kundirki, 22 yoshli Mahsa Aminiyning o‘limidan so‘ng boshlangan norozilik namoyishlari tinmayapti.

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, zo‘ravonlik harakatlariga aylanib ketgan namoyishlar natijasida kamida 41 kishi, jumladan, xavfsizlik xodimlari halok bo‘lgan.

Mamlakatni 11 kun ketma-ket qamrab olgan namoyishlar 2009 yilgi munozarali prezidentlik saylovlaridan keyingi voqealardan keyin hukumatga qarshi eng yirik aralashuvlardan biri sifatida baholanmoqda.

Eron turli sabablarga ko‘ra, asosan, iqtisodiy muammolar tufayli ba’zida keng ko‘lamli namoyishlarga sahna bo‘lib kelgan.

2019 yilning noyabr oyida Eronda ham yoqilg‘i narxining oshishi bilan bog‘liq harakatlar sodir bo‘ldi. Xalqaro Amnistiya nohukumat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Eronning ko‘plab shaharlarida to‘xtamagan namoyishlar natijasida olti kun ichida kamida 304 kishi halok bo‘lgan.

Biroq Erondagi hozirgi harakatlar iqtisodiy qiyinchiliklar bilan umuman bog‘liq emas. Namoyishlarga asosan ayollar boshchilik qilmoqda.

Eronlik qizning o‘limi bilan bog‘liq voqea haqida birinchi tanqidiy fikrlar islohotchi siyosatchilardan kela boshladi. Shu tariqa Eronning sobiq prezidenti Muhammad Xotamiy fojiali voqeadan afsusda ekanini bildirdi.

“Qonunga, mantiqqa va shariatga zid bo‘lgan xatti-harakatlarga chek qo‘yish kerak. Islom va davlat obro‘siga putur yetkazmaslik, aybdorlar javobgarlikka tortilishi kerak”, — deb yozgan Xotamiy ijtimoiy tarmoqlarda Tehron rasmiylariga murojaat qilib.

17 sentyabr kuni, Aminining ona shahri Sakkezda dafn etilganidan so‘ng, norozilik to‘lqini Eronni qamrab oldi. Dafn marosimidan keyin yig‘ilganlar hokimiyatni qoralovchi shiorlar aytishdi.

Shu kuni namoyishlar qator shaharlarni, asosan, Senandaj va Tehronni qamrab oldi.

Bugungi kunga qadar keng ko‘lamli norozilik namoyishlari Tehron, Senendaj, Keraj, Tabriz, Mashhad, G‘ilon, Kirmon, Yazd, Rasht, Bandar Abbos, Obodon, Kirmonshoh, Ardabil, Isfaxon, Urmiya, Qazvin, Zanjon, Ilom, Simnan, Ushnaviya, Mozandaron, Hamadan shaharlariga yoyildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!