Erkak va ayolning do‘st bo‘lishi mumkin emasmi?

Erkak va ayolning do‘st bo‘lishi mumkin emasmi?

Shariatimizda nomahram erkak va ayol xilvatda yolg‘iz qolishlari joiz emas. Ularning yolg‘iz qolishi aksar holatda katta gunohlarga sabab bo‘lgani uchun bu yomonlik eshigi Alloh taolo va Rasul alayhissalom tomonidan berkitilgan. Bu o‘rinda ular yaxshi ma’noda do‘stlashganmi yo sevishganmi, dars qiladilarmi yo ishlaydilarmi ahamiyati yo‘q.

Qur’on va sunnatda zinodan nafaqat qaytarilgan, balki unga yaqin yo‘lamaslikka da’vat qilingan. Alloh taolo zino haqida Qur’oni karimda shunday deydi:

وَلَا تَقْرَبُوا الزِّنَا إِنَّهُ كَانَ فَاحِشَةً وَسَاءَ سَبِيلًا

ya’ni: “Zinoga yaqinlashmangiz! Chunki u fahsh va yomon yo‘ldir” (Isro surasi, 32-oyat).

Zino – katta gunoh, unga olib boruvchi amallar ham gunoh hisoblanadi. Nomahram erkak va ayolning yolg‘iz qolishi zinoga tashlangan birinchi qadamdir.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida shunday deganlar:

” لا يخلون رجل بامرأة إلا كان ثالثهما الشيطان ” (رواه الامام الترمذي عن عمر رضي الله عنه)

ya’ni: “Hargiz erkak kishi begona ayol bilan yolg‘iz qolmasin. Aks holda uchinchilari shayton bo‘ladi” (Imom Termiziy rivoyatlari) Shayton u ikkisi zinoga qo‘l urmaguncha tinib-tinchimaydi, vasvasada davom etadi.

Boshqa hadisi sharifda aytiladi:

“لاَ تَلِجُوا عَلَى الْمغيبَاتِ. فَإِنّ الشّيْطَانَ يَجْرِي مِنْ أحَدِكُمْ مَجْرَى الدّمِ”(رواه الامام الترمذي عنْ جَابِرٍ)

ya’ni: “Eri yo‘q ayollarning yoniga kirmanglar. Chunki shayton (har) biringizning qon tomirida yuradi…” (Imom Termiziy rivoyatlari).

E’tibor berib qaralsa, nomahram erkak va ayollar o‘rtasidagi fahsh ishlar, gunoh va xiyonatlar yolg‘iz qolishdan boshlanadi.

Umumiy ma’noda dinimizda mo‘min-musulmonlar o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro muhabbat maqtaladi, targ‘ib qilinadi. Alloh taolo mo‘minlarni Qur’oni karimda “ixva” ya’ni, aka-ukalar deb atagan. Hatto dunyoda bir-birini Alloh yo‘lida yaxshi ko‘rgan do‘stlar Qiyomat kuni soya yo‘q paytda Arshning soyasida bo‘lishlari hadislarda ta’kidlangan. Bu yerdagi din qardoshligi erkagu ayolni o‘z ichiga oladi. Ayollar mo‘minlarga dindosh opa-singil hisoblanadilar. Ularga dinimiz belgilab bergan chegarada muomala qilishimiz ayni muddaodir.

Endi nomahram erkak va ayol yaqin do‘st bo‘lishlariga kelsak, buning eng ma’qul yechimi nikohdir. Nikohdan keyin ularning o‘zaro do‘stliklari, muhabbatlari ibodatga aylanadi, ulug‘ savob bo‘ladi. Bu Alloh taoloning islom ummatiga bergan imtiyozi va undan foydalanish kerak.

Lekin nikohsiz bunday do‘stlikning oxiri yaxshilikka olib kelmaydi, albatta. Chunki bunday “do‘stlik” ko‘pincha zinoga olib keladi, natijada nikohsiz farzandlar dunyoga keladi. Bunday farzandlar aksar hollarda tug‘ilmasdan “o‘ldiriladi” yoki chekka joylarga, axlatxonalarga tashlab ketiladi. Gunoh ustiga gunoh, razolat ustiga razolat bo‘ladi.
Boshqa tomondan, qaysi bir erkak, singlisi yoki xotinini yaqin erkak “do‘sti” bo‘lishiga, ular xilvatda yolg‘iz qolishiga rozi bo‘ladi?! Qaysi erkakni singlisi yo xotini “samimiy do‘sti” bilan yolg‘iz qolgani, ularning “qalbi toza” ekani tinchlantira oladi!? Bunday “do‘stlik” oqibatida qancha qancha qizlar hali turmush qurmasdan bir umrga badnom bo‘layotgani, tuppa-tuzuk oilalar buzilib ketayotgani inkor etib bo‘lmas haqiqatdir.

Bu mavzuda to‘g‘ri yechim shuki, havoi-nafsimizni qo‘yib, haq yo‘lga ergashish lozim, zero Alloh taolo marhamat qiladi:

قُلْنَا اهْبِطُوا مِنْهَا جَمِيعًا فَإِمَّا يَأْتِيَنَّكُمْ مِنِّي هُدًى فَمَنْ تَبِعَ هُدَايَ فَلَا خَوْفٌ عَلَيْهِمْ وَلَا هُمْ يَحْزَنُونَ

ya’ni: “…Bas, sizlarga Mendan hidoyat kelganda, hidoyatimga ergashganlarga xavf yo‘qdir va ular tashvish ham chekmaydilar” (Baqara surasi, 38-oyat).
Yuqoridagi ma’lumotlardan shariatda erkak-ayol umuman gaplashishi mumkin emas, degan xulosa chiqmaydi. Dinimizda nomahram erkak va ayollar o‘rtasidagi munosabatlar: hujjatlarni rasmiylashtirish, savdo, ijara, qarz oldi-berdisi, ta’lim berish, davolanish va shu kabi ishlarda, zarurat miqdoricha gaplashishga ruxsat berilgan. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
fatvo hay’ati. @diniysavollar


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!