Erdo‘g‘an Turkiyadagi prezidentlik saylovi sanasi o‘zgarishi mumkinligini aytdi

Erdo‘g‘an Turkiyadagi prezidentlik saylovi sanasi o‘zgarishi mumkinligini aytdi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Antaliyada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda mamlakatda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi prezidentlik saylovlari o‘tkaziladigan sanani kechiktirish imkoniyatini tan oldi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Turkiyada navbatdagi umumiy saylovlar – ham prezidentlik, ham parlament saylovlari 2023 yil 18 iyun kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan edi. Biroq Erdo‘g‘an “mavsumiy sharoitlarni hisobga olgan holda” saylovlarni boshqa sanaga ko‘chirishga ruxsat bergandi.

“2023 yilgi saylovlar demokratik Turkiya tarixidagi eng muhim saylovlardan biridir. Biz saylovlarga uzoq vaqtdan beri tayyorgarlik ko‘rdik, uning sanasini biroz ko‘chirishimiz mumkin. Boshqalar o‘zlarining ichki janjallari bilan vaqtni behuda o‘tkazayotganda, biz mamlakatimiz va xalqimiz uchun ko‘rsatiladigan xizmatlarning eng mayda detallarigacha e’tibor berish ustida ishlayapmiz”, dedi Turkiya prezidenti.

Turkiyada umumiy (prezident va parlament) saylovlar, mahalliy qonunlarga ko‘ra, bir kunda o‘tkaziladi. Hukmron Xalq alyansi avvalroq ularning yagona nomzodi amaldagi prezident Erdo‘g‘an bo‘lishini e’lon qilgan edi.

Muxolifat avvalroq Turkiyaning amaldagi prezidenti saylovlarda qatnasha olmasligini, chunki bu uning uchinchi muddati bo‘lishini aytgan edi.

Adliya vazirligi rahbari bo‘lajak prezidentlik saylovlari Erdo‘g‘an uchun Turkiya 2018 yilda parlament boshqaruvidan prezidentlik boshqaruv shakliga o‘tganidan keyingi ikkinchi saylov bo‘lishini bir necha bor ta’kidlagan.

Turkiya konstitusiyasi 101-moddasiga ko‘ra, mamlakat Prezidenti 40 yoshga to‘lgan, oliy ma’lumotli va parlament deputatligiga saylanish huquqiga ega Turkiya fuqarolari orasidan to‘g‘ridan to‘g‘ri xalq tomonidan saylanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!