Erdog‘an: "Dezinformasiyaga qarshi kurash juda muhim ahamiyatga ega"

Erdog‘an: "Dezinformasiyaga qarshi kurash juda muhim ahamiyatga ega"

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an Turkiya respublikasining Istanbul shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlarning ommaviy axborot vositalari rahbar xodimlarining 4-yig‘ilishida videomurojaat yo‘lladi.

Mehmonlarni madaniyat, tarix, tabiat va sivilizasiyalar shahri Istanbulda mehmon qilishdan xursand ekanligini ifoda etgan Erdog‘an quyidagi fikrlarni bildirdi:

"Uchrashuv va maslahatlashuvlaringiz mamlakatlarimiz uchun foydali bo‘lishini tilayman. Uchrashuvni o‘z fikr-mulohazalari, baholari va muhokamalari bilan boyitib boruvchi barchaga oldindan minnatdorchilik bildiraman. Sizning bugungi uchrashuvingiz eng suiiste’mol qilinadigan va e’tibordan chetda qolgan sohalardan biri bo‘lgan ommaviy axborot vositalari sohasidagi hamkorligimizni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Ma’lumki, biz Turk dunyosi sifatida o‘tgan yili Turk davlatlari tashkilotining tashkil etilishi bilan birdamligimizni yuqori bosqichga olib chiqdik. Shunday qilib, biz siyosatdan ta’limgacha, iqtisodiyotdan xavfsizlik sohasidagi hamkorlikka qadar ko‘plab sohalarda yangi davrning asosini tashkil etdik".

Prezident Erdog‘an, Turk dunyosining 2040 yilga mo‘ljallangan hamkorlik nuqtai nazaridan, birdamlikni turli sohalarga kengaytirdi va uni yanada kuchaytirishi kerakligini aytdi:

"Ommaviy axborot vositalari va kommunikasiya masalalari, ijtimoiy tarmoqlar va dezinformasiyaga qarshi kurash bizning siyosiy va ijtimoiy omon qolishimizni ta’minlash nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega. Qorabog‘ urushida guvohi bo‘lgan yolg‘on va tuhmatlar bizga bu masalaning muhimligini eslatib, kuchlarni birlashtirish naqadar ajralmas ekanligini ko‘rsatdi. Urush nafaqat maydonda olib borildi, balki bosma va vizual mediadan tortib, ijtimoiy tarmoqlargacha ko‘plab ommaviy axborot vositalarida 44 kun davomida shiddatli kurash olib borildi. Achchiq tajribalarimizdan kelib chiqib, barchamiz hozir bu haqiqatni juda aniq ko‘rib turibmiz. Demokratik davlatlarda 4-hokimiyat sifatida ta’riflangan OAV ma’lum kuchlar, ma’lum global kompaniyalar va g‘arazli doiralar qo‘lida haqiqatni buzib, berkituvchi manipulyasiya vositasiga aylanishi mumkin".

Erdo‘g‘on o‘z videomurojaatida yana shunday dedi:

"Bugungi kunda raqamli fashizm milliardlab odamlarning to‘g‘ri va xolis yangiliklar olish huquqiga to‘sqinlik qiladigan tahdidga aylandi. Xususan, o‘z-o‘zini nazorat qilish, tekshirish, qoida yoki axloqiy qadriyatlar bo‘lmagan ijtimoiy media kanallari barcha jamiyatlar uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Yolg‘on, tuhmat, buzib ko‘rsatish keng tarqalgan bu ommaviy axborot vositalarida haqiqatni izlash, haqiqatga erishish, haqiqat himoyachisi bo‘lish yanada muhim ahamiyat kasb etdi. Shu nuqtai nazardan, men muloqotni hech bo‘lmaganda mudofaa, xavfsizlik va sog‘liq kabi strategik ahamiyatga ega bo‘lgan masala deb bilaman. Umid qilamanki, bunday uchrashuvlarda dezinformasiyaga qarshi kurash, axborot xavfsizligi, milliy axborot texnologiyalari harakati, ayniqsa, umumiy madaniyatni ustuvor deb hisoblaydigan kino-seriallar loyihalari kabi masalalarda hamkorligimiz yanada rivojlanadi.
Turk dunyosidagi barcha birodarlarimizga baxt-saodat, farovonlik tilab qolaman".


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!