“Energiya resurslari bozorini bosqichma-bosqich isloh qilish zarur”

A A A
“Energiya resurslari bozorini bosqichma-bosqich isloh qilish zarur”

“Energiya resurslari bozorini bosqichma-bosqich isloh qilish zarur”

Yaqin kunlarda energetika sohasini isloh qilish masalalari bo‘yicha hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.

Aytilishicha, energetika sohasidagi islohotlar tabiiy gaz va elektr energiya tariflarini ijtimoiy adolat tamoyillari asosida belgilash hamda aholi va tadbirkorlarimiz uchun energiya ta’minotining uzluksizligi va ko‘lamini kengaytirish uchun zamin yaratadi.

Islohotlarning ushbu o‘tish davrida aholining kam ta’minlangan va past daromadli qatlami manfaatlaridan kelib chiqib, ijtimoiy himoya choralari ishlab chiqilmoqda.

Bundan tashqari, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan pensiya va bolalari uchun nafaqa oluvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Ta’kidlanishicha, islohot zaruriyatini qator omillar yuzaga keltirmoqda. Misol uchun, amaldagi tariflar asosan daromadi nisbatan yuqori va mos ravishda ko‘proq energiya resurslari iste’mol qiladigan abonentlarga katta miqdordagi shartli subsidiya berilishiga olib kelmoqda.

Shuningdek, 2030 yilga borib iste’molchilarning tabiiy gazga bo‘lgan yillik talabi hozirgi 54,2 mlrd kub metrdan 65 mlrd kub metrgacha, elektr energiyasida esa bu ko‘rsatkich joriy 74 mlrd kVt soatdan 110 mlrd kVt soatgacha oshishi kutilmoqda.

Qo‘shimcha quvvatlarni yaratish uchun kamida 25 mlrd dollar mablag‘lar zarur. “O‘zbekneftgaz” AJ va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJning amaldagi moliyaviy holati bu qiymatdagi loyihalarni amalga oshirishga imkon bermaydi. Ular tomonidan kredit mablag‘lari jalb etilishi o‘z navbatida O‘zbekistonning tashqi qarzi hajmining oshishiga olib keladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!