Energetika vazirligi va tizim korxonalari 24/7 ish rejimiga o‘tdi
Energetika vazirligida qish mavsumida iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash ishlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Energetika vazirligida yoqilg‘i-energetika sohasi ob’ektlarining qish mavsumida ham barqaror ishlashi, aholi xonadonlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gazdan samarali hamda oqilona foydalanish borasida joylarda olib borilayotgan targ‘ibot va profilaktika ishlarining holati ko‘rib chiqildi.
Videoselektor shaklida o‘tkazilgan mazkur yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Energetika vazirligi, Bosh prokuratura mas’ullari, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar hamda viloyat hokimliklari mutasaddilari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda eng asosiy maqsad – qish mavsumida ham aholi va ijtimoiy soha ob’ektlari (sog‘liqni saqlash, maktabgacha va maktab, oliy ta’lim muassasalari, issiqlik elektr stansiyalari va hokazo) hamda iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash ekanligi alohida ta’kidlandi va bu borada korxonalar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning hozirgi holati tanqidiy muhokama qilindi.
Shu bois, barcha mas’ullarga ishlab chiqarish va yetkazib berish ob’ektlarining ishonchli ishlashini ta’minlash, shu bilan bir qatorda, energiya resurslaridan samarali va oqilona foydalanish ishlarini jadallashtirish vazifasi qo‘yildi.
Energetika vazirligi va tizim korxonalari kuz-qish davrini betalafot o‘tkazish maqsadida joylarda rahbar-xodimlardan iborat kunu tun navbatchilik tashkil etilgani, avariyalarning oldini olish va bartaraf etish brigadalari tashkil qilinib, ular yetarli miqdorda maxsus texnikalar, zaxira materiallari hamda himoya vositalari bilan ta’minlangani aytib o‘tildi.
Shuningdek, barcha ob’ektlarda 24/7 ish rejimiga o‘tilgani alohida qayd etildi va bu borada Ishchi guruhlar joylarda ishlarning borishini doimiy nazorat qilishi ta’kidlandi.