Elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish holatlari fosh etilmoqda

Elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish holatlari fosh etilmoqda



Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning G‘allaorol tuman bo‘limi tomonidan tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Q.O.” XK mas’ul shaxslari korxona omborxonasida aholi uchun o‘tkazilgan elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, mayda beton chiqaradigan qo‘lbola uskunalarni o‘rnatib 369,8 ming kVt elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi oqibatida, davlat va jamiyat manfaatlariga 166,4 mln so‘m zarar yetkazganliklari aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi tomonidan “Qoradaryo” elektr ta’minoti korxonasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “M.Q.” xususiy korxonasi rahbari K.S. “Kumushkent” MFYdagi yer maydoniga o‘rnatilgan quvvati 75 kVt bo‘lgan suv nasosini yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, 327,6 ming kVt elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi oqibatida, davlat va jamiyat manfaatlariga 147,4 mln so‘m zarar yetkazganligi aniqlangan.

Departamentning Quva tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro S.I. davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan “Xonobod” MFYda joylashgan to‘yxonani elektr ta’minotiga o‘zboshimchalik bilan ulab, 106 ming kVt elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi oqibatida, davlat va jamiyat manfaatlariga 47,3 mln so‘m zarar yetkazganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!