Eldor Shomurodovning «Roma» safidagi ilk intervyusi

Eldor Shomurodovning «Roma» safidagi ilk intervyusi

Eldor Shomurodov «Roma»ga o‘tganidan so‘ng ilk katta intervyusini berdi.

Qanday hissiyotlarni boshdan kechirayotgani haqida
Kuchli hayajondaman. Bu men uchun ulkan qadam. Nimaga qodirligimni ko‘rsatib, muxlislarni xursand qilishga harakat qilaman.

A Seriyadagi ilk mavsumidan so‘ng «Jenoa»dagi ajoyib muhitni tashlab «Roma»ga o‘tgani haqida
Bu mening birinchi mavsumim edi va kuchli jihatlarimni namoyon etishga urindim. Ba’zi jabhalarda yaxshi bo‘lsam, ba’zi joylarda xatolarga yo‘l qo‘ydim — buni bilaman. Shunga qaramasdan o‘tgan mavsumdan mamnunman.

Mavsumning ikkinchi yarmida natijalari yaxshilangani haqida
Ilk mavsumim edi va moslashish uchun mendan vaqt talab qilinardi. Bu asosiy sabab. Keyinchalik o‘yin tezligiga, jamoadoshlarimga va raqib jamoalarining himoyalanish uslubiga moslashib oldim. O‘ylaymanki, mavsum oxirida yaxshi o‘ynadim. Qanday o‘ynash kerakligini allaqachon o‘rganib olgandim.

A Seriyada ko‘proq nima qiziqtirgani haqida
Birinchi navbatda jamoaning saviyasi va men birga o‘ynagan futbolchilar. Ikkinchidan, o‘yin tezligi va hissiyotlar meni hayratga soldi.

«Rostov»dagi davridan ko‘ra qanchalik o‘zgargani haqida
Qanchalik o‘zgarganimni baholashim qiyin. Bu ishni o‘yinlarni tomosha qiladigan muxlislar amalga oshirgani ma’qul. Jamoa natijalariga ta’sir ko‘rsata olgan paytimda — o‘zimga bo‘lgan ishonchim ortadi.

«Roma»dagi maqsadlari haqida
Jamoaga sovrin yutishda, katta maqsadlarni amalga oshirishda yordam berishni istayman. Qo‘limdan kelgan barcha narsani qilaman. Rivojlanishda davom etmoqchiman.

Hujumning istalgan nuqtasida o‘ynay olishi, qaysi biri o‘ziga ko‘proq yoqishi haqida
To‘g‘risini aytsam, hujumda o‘ynash yoqimli. Hujumda men qanot yoki markaziy hujumchilar pozisiyalarini bemalol almashtira olaman. Hujumda o‘zimda qulay his qilaman.

Juda ko‘p takliflar ichidan nega aynan «Roma»ni taklifini qabul qilgani haqida
«Roma» — Italiyaning eng yaxshi jamoalaridan biri. O‘yin paytida muxlislar jamoani qanday qo‘llab-quvvatlaganini ko‘rdim. Avvallari «Roma»ning o‘yinlarini kuzatib borardim. Barchasi tez hal bo‘ldi, aynan shu jamoa meni hammadan ko‘p o‘z safida ko‘rishni xohladi va tez harakat qildi. Shu tariqa men shu yerdaman. Boshqa sabab esa men oldimga doim katta maqsadlar qo‘yaman. Shuning uchun bu men uchun juda muhim edi.

Rimdagi birinchi o‘zbek futbolchisi ekanligi haqida
Bu men uchun faxr. «Jenoa»ga o‘tganimda ham odamlar meni qanchalik qo‘llab-quvvatlaganini ko‘rdim. Endi ular yanada ko‘proq qo‘llab-quvvatlaydi, chunki ular men qanday katta jamoada o‘ynashimni biladi. Bu juda katta faxr.

Muxlislarga tilaklari
Muxlislarga salom yo‘llamoqchiman. Bizni qo‘llab-quvvatlashda va ishonishda davom eting! Sizni xursand qilish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz!


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!