Ekvatorial Gvineyadagi portlashlarda halok bo‘lganlar soni 98 kishiga yetdi

Ekvatorial Gvineyadagi portlashlarda halok bo‘lganlar soni 98 kishiga yetdi

Ekvatorial Gvineyadagi harbiy bazada sodir bo‘lgan ketma-ket portlashlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 98 kishiga yetdi, kamida 615 kishi jarohat oldi. Bu haqda mamlakat hukumati veb-saytiga tayanib, «RBK» xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, jabrlanganlarning 316 nafari tibbiy muassasalardan chiqarilgan, yana 299 nafari Bata shahridagi turli kasalxonalarda davolanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 7 mart kuni Ekvatorial Gvineyaning eng yirik shahri Batadagi harbiy bazada ketma-ket portlashlar sodir bo‘ldi. Dastlab hodisa oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘lgani, 400 dan ortiq odam jarohat olgani xabar berilgandi.

Reuters xabariga ko‘ra, portlash sodir bo‘lgan hududda barcha binolarning tomlari uchib ketgan va aksariyatining devorlari qulagan.

Mamlakat prezidenti Teodoro Obiang Nguemaning ta’kidlashicha, harbiy bazadagi portlashlarga o‘q-dorilar, dinamit va boshqa portlovchi moddalarni saqlash uchun mas’ul xodimlarning ehtiyotsizligi sabab bo‘lgan. Qo‘shni fermer xo‘jaliklarida paydo bo‘lgan yong‘in harbiy bazaga tutashgan va natijada portlash kelib chiqqan.

Ekvatorial Gvineya tashqi ishlar vaziri Simeon Angue Batadagi vaziyatni halokatli deb atagan va diplomatik kanallar orqali xalqaro yordam so‘ragan.

Avvalroq Afg‘oniston va Eron chegarasida joylashgan bojxona postida 500 dan ortiq transport vositasi yonib ketgani haqida xabar berilgandi. Qayd etilishicha, benzin tashuvchi avtomobil («benzovoz»)ning portlashi yong‘inni keltirib chiqargan bo‘lishi mumkin. 

manba:daryo.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!