Ekologiya qo‘mitasi rus ovchisiga nega Tyan-shan qo‘ng‘ir ayig‘ini otishga ruxsat berilganini aytdi

Ekologiya qo‘mitasi rus ovchisiga nega Tyan-shan qo‘ng‘ir ayig‘ini otishga ruxsat berilganini aytdi

  Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 8 iyulda qabul qilingan “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O‘RQ-627-sonli Qonunining maqsadi ov qilish va ovchilik xo‘jaligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Shu qonunning 15-moddasida yovvoyi hayvonlarni tutishga doir har yilgi kvota yovvoyi hayvonlarning ko‘p miqdorda tutiladigan turlariga, shuningdek, kamyob va oz sonli turlariga nisbatan belgilanishi ko‘rsatilgan. 

Qonun talabiga asosan yovvoyi hayvonlarni tutishga doir talabnomalar jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga topshiriladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi esa yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvota loyihasini talabnomalar asosida tayyorlaydi va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga yuboradi.

Fanlar akademiyasining yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvota loyihasi bo‘yicha xulosasi asosida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvotalarni tasdiqlaydi, kvotani taqsimlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi hamda uni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasiga, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalariga  yuboradi. 

Yovvoyi hayvonlarni tutishga doir tasdiqlangan kvotalarga muvofiq ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hududiy organlari kvotalarni berilgan talabnomalarga muvofiq taqsimlaydi hamda hayvonot dunyosidan foydalanishga doir ruxsatnomalarni beradi. 

Xuddi shu qonunning 16-moddasida esa O‘zbekiston Respublikasi hududida yovvoyi hayvonlarni ov qilish haq to‘lash asosida amalga oshirilishi ko‘rsatib qo‘yilgan. To‘lovlar yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ruxsatnomada ko‘rsatilgan har bir yovvoyi hayvon uchun kiritiladi. 

Yovvoyi hayvonlarni tutish uchun to‘lovlar miqdorlari ushbu qonunning 1-ilovasiga muvofiq belgilab qo‘yilgan.

Tyan-shan qo‘ng‘ir ayig‘ini ovlashga ham ayni shu tartibda, ya’ni qonuniy talablarga to‘liq amalga qilgan holda ruxsat berilgan. 2020 yilning 25 noyabrida Fanlar akademiyasiga qonun talablariga asosan yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvota loyihasini ko‘rib chiqib, xulosa berish uchun so‘rov yuborilgan. 2020 yilning 4 dekabr sanasida Fanlar akademiyasining Bioresurslar bo‘yicha Idoralararo komissiyasi 2021 yil uchun noyob va Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarga ajratilgan kvotalar to‘g‘risidagi xulosasini qo‘mitaga taqdim etgan. Unda 2 dona  Tyan-shan qo‘ng‘ir ayig‘ini tutish ham ko‘rsatilgan.

Shundan so‘ng Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining “Yovvoyi hayvonlarni tutishga doir 2021 yilgi kvotani tasdiqlash to‘g‘risida”gi 352-sonli buyrug‘i qabul qilinadi. Mazkur buyruqda kvotaga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni tutish, ya’ni tabiatdan ajratib olish tartib-qoidalari aniq ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, 2020 yilning 28 dekabrida bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yozma ravishda rasmiy axborot berilgan. Hukumatning ayni masala bo‘yicha 2021 yil 8 yanvarda imzolangan topshirig‘ida Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni tabiatdan olishga qonun talablarida belgilangan tartibda ruxsatnoma berishni ta’minlash topshirilgan.

Ko‘rib turganingizdek, barcha qonuniy talablar bajarilgandan keyingina 2 dona Tyan-shan qo‘ng‘ir ayig‘ini otish orqali tutishga ruxsatnoma berilgan. Bunda O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 8 iyulda qabul qilingan “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O‘RQ-627-sonli Qonunining 1-ilovasida tasdiqlangan miqdordagi to‘lovlarning davlat byudjetiga undirilishi ta’minlangan.

Nargis Qosimova esa mana shu tartibdagi qonuniy asoslarni chuqur o‘rganmasdan, ayni jarayon bilan bog‘liq ma’lumotlarni tegishli tashkilotlar mutaxassislaridan aniqlamasdan jamoatchilikka noo‘rin xabar tarqatgan. Bu esa “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasi 8-bandi talablariga ziddir. “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi qonunning 11-modasida esa “Ommaviy axborot vositalari e’lon qilinayotgan axborotning to‘g‘riligini tekshirib ko‘rishlari shart va ular axborot beruvchi bilan birgalikda uning to‘g‘riligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar” deb ko‘rsatib qo‘yilgan.

Shuningdek, muallif o‘z chiqishida bu mavzuga umuman aloqasi yo‘q shaxsiy qarashlarini biron isboti bo‘lmagan holda qonunga xilof ravishda bayon etgan. Dono xalqimiz iborasi bilan aytganda, o‘ylamasdan so‘ylagan, aholi orasida noto‘g‘ri tushuncha shakllanishiga sababchi bo‘lgan. O‘ylaymizki, huquqni muhofaza qilish organlari bu holatga o‘z vakolatlari doirasida qonuniy baho berishadi. 

Qo‘shimcha ma’lumot tariqasida ta’kidlash joizki, so‘nggi yillar davomida respublikamizning ayrim tog‘li hududlarida biolog mutaxassislar tomonidan olib borilgan hisob natijalariga ko‘ra 500 ga yaqin qo‘ng‘ir ayiq aniqlangan. Demak, muallif bu borada ko‘rsatgan son ham haqiqatga mos kelmaydi. Xorijiy fuqarolar tomonidan ov qilish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 20 oktyabrdagi 290-son qarori bilan tasdiqlangan “Hayvonot dunyosi ob’ektlaridan foydalanish va hayvonot dunyosi ob’ektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi Nizom” bilan tartibga solinishidan umuman xabari bo‘lmasa kerak. Aks holda bunday noxolis ma’lumotlarni o‘z saytiga joylashtirmagan bo‘lardi. 

Shu o‘rinda hurmatli jurnalist va blogerlardan o‘zlari tayyorlayotgan materiallarni asosiy manbadan tekshirib ko‘rishlarini tavsiya qilardik. Xalqimizga, ayniqsa, ko‘p vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazadigan yoshlarga soxta ma’lumotlarni tarqatishni esa hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!