EKOLOGIYa QO‘MITASI RAISI RUXSATNOMASI BILAN QIZIL KITOBGA KIRITILGAN QO‘NG‘IR AYIQ ROSSIYALIK OVCHI TOMONIDAN O‘LDIRILDI

EKOLOGIYa QO‘MITASI RAISI RUXSATNOMASI BILAN QIZIL KITOBGA KIRITILGAN QO‘NG‘IR AYIQ ROSSIYALIK OVCHI TOMONIDAN O‘LDIRILDI

Davlat Ekologiya qo‘mitasida qachonki tom ma’noda atrof-muhit muhofazasiga jonkuyar bo‘lgan, tabiatni asrab-avaylashga hissasini qo‘shadigan rahbar kelmasa tabiatimizga qiron keltiriladi.  O‘tgan yillari qashqadaryo va Namanganda aholi va brakonyerlar tomonidan o‘ldirilgan ayiqlar haqida yozgandik.  Fuqarolar ayiqni o‘zini himoyalash uchun, brakonyerlar pul uchun o‘ldirganligi ma’lum bo‘lgandi. Ammo Ekologiya  va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi rahbari Qizil kitobga kiritilgan ayiqni otishga  ruxsat bersachi?  Dardingni kimga aytasan? 

Achinarlisi shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Alisher Maksudovning imzosi bilan 2 dona O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitobi»ga kiritilgan Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘ini otishga Rossiya Federasiya fuqarosi Shirokovu Ye.P ga 2021 yil 3 mart kuni №400030-son ruxsatnoma berilgan. 

Mazkur ruxsatnoma ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha Bo‘stonliq tuman inspeksiyasida №4-son bilan 2021 yil 31 mart kuni ro‘yxatga olingan.

Ovchi Rossiya Federasiya fuqarosi Shirokovu Ye.P. esa Bo‘stonliq tumanida 1 dona qo‘ng‘ir ayiqni otib, u bilan vahshiylarcha suratga tushgan.(Uning yana bitta Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘ini otishga ruxsatnomasi bor). Eslatib o‘tamiz mazkur ayiqlar atigi 150 dona atrofida qolgandi. Bu ketishda birortasi qolmaydi. Adashmasam,  Qizil kitobga kiritilgan jonivorlarni ov qilish Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 20 oktyabrdagi 290-sonli “Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish va tabiatdan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida”gi qarori bilan tartibga solinadi. 

Endigina uyqudan uyg‘ongan ayiqlar bu faslda ancha zaif bo‘ladi. Aynan zaifligidan foydalanib ularni o‘ldirish o‘ta vahshiylikdir.

Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi Alisher Maksudovning bunday ruxsatnoma berishining o‘zi ayanchlidir. U qanday asoslarga ko‘ra noyob hayvonot olamimizga vahshiylarcha munosabatda bo‘lishga imkon beradigan mazkur ruxsatnomaga imzo chekdi ekan?  Ekologiya qo‘mitasining vazifasi HAYVONOT VA O‘SIMLIKLAR DUNYOSINI ASRASh EMASMI?


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!