EI Navalniyni zudlik bilan ozod etishni talab qildi

EI Navalniyni zudlik bilan ozod etishni talab qildi

Evropa Ittifoqi Rossiyani Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti (KQTT) bilan xolis xalqaro tergov o‘tkazilishini ta’minlash va Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish, shu jumladan muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniyni qamoqdan zudlik bilan ozod qilishni talab etayotgan Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi vaqtinchalik chorasiga rioya qilish uchun to‘liq hamkorlikka chaqirdi. Bu haqda 2 fevral, payshanba kuni Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel ma’lum qildi.

Bundan roppa-rosa ikki yil avval, 2021 yil 2 fevralda Moskva sudi Federal jazoni ijro etish xizmati talabiga ko‘ra, «Novichok» moddasi bilan zaharlanib, Germaniyada davolanib uyiga qaytgan Navalniyning shartli jazosini «Iv Roshe» ishi bo‘yicha haqiqiy muddatga almashtirdi. 2022 yil may oyida siyosatchi «firibgarlik» va «sudga hurmatsizlik» ayblovi bilan to‘qqiz yilga qattiq rejimdagi koloniyaga hukm qilingan.

2022 yilning iyun oyida Navalniy u «ekstremistik hamjamiyat» yaratish va ruxsat etilmagan mitinglarga chaqirishda ayblanganini ma’lum qildi.

Borrelning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga qarshi qariyb bir yildan beri davom etayotgan urushi «faqat ichki repressiyani, Kreml va umuman fuqarolik jamiyatining eng ashaddiy tanqidchilariga nisbatan muntazam ravishda bosimni kuchaytirdi». «Evropa Ittifoqi Aleksey Navalniy, Vladimir Kara-Murza va boshqa siyosiy mahbuslar, shuningdek, katta shaxsiy xavf-xatarga qaramay haqiqatni gapirishga jur’at etgan Rossiya fuqarolari bilan birdam», - deya ta’kidlaydi Yevropa diplomatiyasi rahbari.

2022 yil avgust oyidan beri Vladimir viloyatidagi IK-6 qamoqxonasida saqlanayotgan Aleksey Navalniy 11 marta jazo kamerasiga (JIZO) jo‘natilgan, bu har safar kichik qoidabuzarlik yoki uydirma sabablarga ko‘ra amalga oshirilgan, masalan, panjarani tozalashdan bosh tortganlik yoki kiyimdagi tugma yechib qo‘yilgani uchun.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!